Togʻ lolasi sahroda ham oʻsadi

12:18 24 Fevral 2025 Jamiyat
309 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Qorovulbozor – sahro bagʻridagi maskan. Choʻl sharoitida dehqonchilik qilish esa toshda gul undirish bilan barobar. Ammo tumandagi “Tinchlik” mahallasida istiqomat qiluvchi Sohib Quljonov uchun murakkab iqlim sharoiti pisand emas. U mana uch yildirki, tomorqasidagi bir sotix yerda togʻ lolasini koʻpaytirib, gul shaydolariga quvonch ulashmoqda.

— Buning uchun ixchamgina issiqxona barpo qilganman, — deydi S.Quljonov. — Uning ikki tomonida 70 va 50 santimetr balandlikda devor tiklangan. Bu haroratni bir meʼyorda saqlash imkonini beradi. Togʻ lolasi piyozini Rossiyadan buyurtma asosida olyapman. Bir sotix yerga 10-12 kilogramm atrofida urugʻlik kerak boʻladi. Uni biogumusli tuvakchalarga noyabr oyida ekaman. Fevralda unib chiqib oʻsa boshlaydi. 35-40 santimetrgacha boʻy choʻzadi. Issiqxonada zarur haroratni saqlab turish uchun qoʻlbola pechda oʻtin yoqamiz. Biz yetishtirayotgan lola 20-30 kun davomida qip-qizil ochilib koʻzlarni yashnatib turadi.

Sohib uchun togʻ lolasini yetishtirish shunchaki havas emas. Tuman obodonlashtirish boshqarmasida mehnat qiluvchi yigit uchun bu qoʻshimcha daromad manbai hamdir. Deylik, oʻtgan mavsumda togʻ lolasi yetishtirish ortidan 10 million soʻm sof foyda koʻrdi. Bu hali hammasi emas. Hovlisida yovvoyi tustovuq koʻpaytirishni ham yoʻlga qoʻydi. Shu ish oilaga bultur 12-15 million soʻm atrofida daromad keltirdi.

Bir qarashda Sohibning asosiy ishidan ortib topayotgan qoʻshimcha daromadi u qadar salmoqli tuyulmas. Lekin xulosa qilmoqqa shoshilmang. Quljonovlarni qorovulbozorliklar koʻproq asalari parvarishlash hadisini olgan oila sifatida biladi. Ahil xonadon aʼzolari saʼy-harakati bilan har yilda 200 quti asalari oilasidan 3-3,5 tonna atrofida asal yetishtiriladi. Uni sotishdan koʻrilgan foyda miqdorini hisoblash esa oʻzingizga havola.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер