Terrorizmga qarshi kurash va uning oldini olishda mintaqa yakdil
Foto: “Xalq soʻzi”
Toshkentda “BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha birgalikdagi harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzuidagi xalqaro konferensiya oʻz ishini davom ettirmoqda. Anjuman kunning ikkinchi yarmida shuʼbalarda oʻtkazilmoqda.
Konferensiya doirasida “Terrorizmga qarshi kurash va uning oldini olish” seksiya majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistondan mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar, analitik markazlar vakillari va mustaqil tadqiqotchilar soʻzga chiqdi. Mamlakatimiz vakili taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston terrorchilikka qarshi kurashda huquqiy, profilaktik va tushuntirish ishlaridan keng foydalanmoqda. Hozirgi kunda respublikamizda terrorizmga qarshi kurashda davlat va fuqarolik jamiyatining samarali hamkorligi yoʻlga qoʻyilgan. Davlat amaldagi qonunlarimizga zid ravishda konstitutsion tuzumga qarshi guruhlarning faoliyatini aniqlaydi va ularga chek qoʻyadi.
Oʻzbekiston BMTning Global aksilterror strategiyasini qoʻllab-quvvatlagan, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha 14 ta xalqaro konvensiya hamda protokolni ratifikatsiya qilgan. Bundan tashqari, “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Qozogʻiston «Kontrterrostik qoʻmita» ijtimoiy birlashmasi prezidiumi raisi, zaxiradagi polkovnik Amanjol Oʻrazbayevning aytishicha, terrorchilikka qarshi kurashda eng murakkab yoʻnalishlardan biri uni moliyalashtirish kanallarini aniqlashtirish hisoblanadi. Jahon internet tarmogʻi rivojlanayotgan bir paytda yaqin vaqtlargacha terrorizmni moliyalashtirishning amaldagi tizimi — Xavala oʻrniga yangi yuqori texnologiyali yoʻnalishlar yuzga kelmoqda. Soʻnggi 15 yildan beri jiddiy aktivlarni toʻplagan toʻlov tashkilotlari butun dunyo boʻylab aholi orasida ommalashdi.
Majlisda soʻzga chiqqan Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari mutaxassislari va ekspertlari Oʻzbekiston bilan terrorchilikni moliyalashtirishga qarshi kurashdagi hamkorlikni yuqori baholadilar. Chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashda hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini hisobga olib, ishtirokchilar BMTning Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyasi maqsadlariga erishish uchun kelgusida samarali hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, shuʼba majlisida terrorizmga qarshi kurashish jarayoniga oid aniq masalalar koʻrib chiqildi va terrorizmga qarshi kurashning mafkuraviy, tashkiliy, huquqiy, psixologik va texnik jihatlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarida BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirishda yuzaga keladigan alohida masalalar muhokama qilindi.
Abduvali SOYIBNAZAROV, “Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring