Terimchilar yaratilgan sharoitdan mamnunmi?

21:35 30 Sentyabr 2020 Jamiyat
1072 0

Ayni kunlarda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi Fargʻona viloyatida boʻlib, paxta yigʻim-terimi davomida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlash boʻyicha faoliyatini olib bormoqda.

Fargʻona viloyatida Ishchi guruhning dastlabki oʻrganishlari Oʻzbekiston va Beshariq tumanlaridan boshlangan boʻlsa, navbatdagisi Qoʻshtepa tumanida boʻldi. Ishchi guruh aʼzolari fermer xoʻjaliklarida boʻlib, paxta yigʻim-terimi jarayoni, terimchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

«Pahlavon Gʻulomjon yerlari» fermer xoʻjaligi ayni paytda 74 nafar terimchi paxta termoqda. Terimchilarga yaratilgan sharoitdan koʻngil toʻladi. Eng asosiysi, har bir terimchi bilan ixtiyoriy ravishda paxta yigʻim terimida qatnashish haqida mehnat shartnomasi tuzilgan. Paxta maydoniga kirishdan avval har bir terimchining issigʻi oʻlchanib, tibbiyot xodimlari tomonidan salomatliklari muntazam nazorat qilib borilmoqda.

Bundan tashqari, Ishchi guruh “Nuriddin Taniqulov” fermer xoʻjaligida boʻlib, terimchilarga yaratilgan sharoitni koʻzdan kechirdi. Ular bilan majburiy mehnat, terim pullarini oʻz vaqtida toʻlanayotganligi, yaratilgan sharoitlar xususida suhbatlashildi.

Ishchi guruh vakillarining navbatdagi manzili “Fergana Global Textile” MCHJ klasterining paxta maydoni boʻldi. Bu yil klaster tomonidan 205 gektarga paxta ekilgan. Ayni paytda bu yerda 150 nafar terimchi paxta teryapti. Ishchi guruh vakillari, terimchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

— Terimchilar bilan 3 oylik mehnat shartnomasini tuzganmiz, — deydi “Fergana Global Textile” MCHJ boʻlim boshligʻi A.Ortiqov. — Ularga paxta pullarini shu kunning oʻzida toʻlayapmiz. Bundan tashqari, ilgʻor terimchilarimiz esa eʼtiborimiz markazida. Ularni qimmatbaho sovgʻalar bilan xushnud etib kelyapmiz.

Ishchi guruhining viloyat tumanlari boʻylab oʻrganishlari davom etmoqda.

Shu bilan birga, Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi B.Matmuratov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Xorazm viloyati Bogʻot tumanida boʻlib, paxta yigʻim-terimi jarayonida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik holatlarini oʻrgandi. Shuningdek, faol terimchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер