Tergov hibsxonasida saylovoldi tadbiri
Namangan viloyat ichki ishlar boshqarmasiga qarashli 6-son tergov hibsxonasida saylov targʻibotiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Davra suhbatini hibsxona boshligʻi oʻrinbosari Umidjon Rahimov ochdi. Xalq deputatlari viloyat, shahar, tuman kengashlariga saylov oʻtkazuvchi viloyat komissiyasi raisi oʻrinbosari Saodatxon Usmonova, moderator Otabek Yoʻldoshev Saylov kodeksi haqida tushuncha berdilar.
Maʼlumki,avvalgi qonunlarda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylash va saylanish huquqiga ega emas edi. Kodeksdagi eng katta yangiliklardan biri ushbu normaga oʻzgartirish kiritilganida. Xususan, Kodeksning 5-moddasida sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi, deb belgilab qoʻyildi. Bu bilan ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, uncha ogʻir hisoblanmaydigan jinoyat sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarda saylovda ishtirok etish, yaʼni, saylash huquqi vujudga keldi. Bu esa ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzish mumkinligini Kodeksning 10, 27-moddalarida mustahkamlash imkoniyatini berdi.
Uychi tuman adliya boʻlimi boshligʻi Halimjon Qobilov saylov byulletenlari haqida gapirib, ularni toʻldirish tartibi bilan tanishtirdi.
Tadbir soʻngida targʻibotchilar hibsxonada tashkil etilgan 475-saylov uchastkasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring