“Temuriyzodalar, birlashaylik!”

18:54 08 Aprel 2020 Jamiyat
1305 0

Dunyodagi tengsiz, ayni damda kamyob boʻlib qolgan xislatlardan biri bu — birlik. Qadimdan ulugʻ ajdodlarimiz insonlarni nainki janglarda, balki kundalik hayotda ham hamisha birlashishga daʼvat etgan. Shu sabab ajdodlarimiz kamchilik bilan ham koʻp sonli qoʻshinlarni yenga olgan. Demak, birlashmoq biz uchun koʻhna meros. Bugun biz bu merosga amal qilyapmizmi?

Keling, moziyga nazar tashlaymiz. Shubhasiz, birlashish bobida Amir Temur tarixda koʻp va xoʻp oʻrnak olishga arzirli ishlar qilgan. Uning kam sonli qoʻshin bilan koʻpchilikni mahv etgan janglariga misollar bisyor. Masalan, Andijonda moʻgʻullarning amirlaridan boʻlgan Qamariddin bilan urushda u 200 kishilik askar bilan pistirmadan hujum qilgan 4 ming kishilik qoʻshinni yenggan. Zafar topish, gʻalaba qozonish lashkarning koʻpligida emas, balki Tangri Taoloning qoʻllab-quvvatlashidadir, deydi “Temur tuzuklari”da Sohibqiron. Undagi bu xislat temuriyzodalarga oʻziga xos meros boʻlib oʻtgan. Garchi 20 yoshida vafot etgan boʻlsa-da Amir Temurning toʻngʻich farzandi Jahongir Mirzo kuch askarlar sonida emas, birlikda ekaniga rioya qilgan, askarlarini-da shu oʻy bilan ruhlantirgan.

Birlashish bobida Zahiriddin Muhammad Bobur ham Kobul, Gʻazna shaharlarini uch yuz askar bilan egallagan. 1526-yilda 12 ming askar bilan 50 ming qoʻshinli dushmanni yengib, Hindistonni zabt etgan. Qanday?! Albatta, birlashgan holda. Shunday boʻlishiga qaramay, u “Boburnoma” asarida kamtarlik bilan muvaffaqqiyatga quyidagicha izoh beradi:

“Tavakkalimizga yarasha tengri taolo ranj va mashaqqatimizni zoye qilmay, mundoq zoʻr gʻanimni magʻlub qilib, Hindistondek keng mamlakatni maftuh ayladi. Bu davlatni oʻzimizning zoʻr va quvvatidin koʻrmasbiz, balki tengrining mahzi lutf va shafqatidindur va bu saodatni oʻzimizning saʼy va himmatidin bilmasbiz, balki tengrining ayni karam va inoyatidandur.”

Shu oʻrinda yana bir yuksak tuygʻu — kamtarlikni uchratamiz. Shu ikki xislat bilan odamlarni birlashtirib, ulugʻ maqsadlar sari ergashtira olgan. Bu kabi janglarga, jasoratlarga misollar koʻp. Shayboniyxonga qarshi kurashda ham Bobur “Temuriyzodalar, birlashaylik!” deya koʻp bor taʼkidlaydi va maqsadiga erishadi.

Bugun-chi degan savol bizni biroz oʻylantiradi. Bugun nega birlasha olmaymiz? Oddiy karantin qoidalariga rioya etishga, oʻzimiz bilan oʻzimiz birlashishga kuchimiz yetmayotganday gohida. Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar, deydi dono xalqimiz ham. Bejiz emas, uzoq yillar bu ibora hayot sinovlarida oʻz ifodasini topgani bois tildan tilga koʻchib kelmoqda. Shunday ekan, Temuriyzodalar, birlashaylik!

Yulduz OʻRMONOVA,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер