Temir-tersaklar ichidagi “nomaʼlum goʻzal”

10:28 03 Noyabr 2020 Jamiyat
1265 0

Temir-tersaklar ichidagi noyob sanʼat asari kishini mashhur muzeylardagidan-da koʻproq rom etar ekan. Hayratga solar ekan, goʻyo sahroda lola ochilgandek moʻjiza misoli. Zero, goʻzal asar joy tanlamaydi, u misli oltinu durki, oddiy qogʻozdagi tasvir boʻlsa-da, har qanday nigohni boʻysundiradi, oʻziga qaratadi.

... Nodir Jabaraliyev avtousta. Ustaxonasi devorida Ivan Kramskiyning “Nomaʼlum goʻzal” kartinasi osigʻliq. Surat fotonusxa, ammo u vaqt oʻtgan sari antikvarga aylanib borayotir. Negaki, bosmadan 1975-yilda chiqqan. Muhimi, fotoda ham kartina qahramoni aslidagidek bor jozibasi, malohati, dardi va quvonchi bilan, goh savol, goh parishonlik, gʻurur, sinchiklab qaralsa andak mung alomatlari aks etgan nigohi bilan mastonavor termulib turibdi.

Garchi Nodir sanʼatshunos emas, oddiy avtomobil ustasi boʻlsa-da rasmdagi ana shu yashirin va oshkora ruhiyatni sezadi. Hatto uning yaratilish tarixini ham yilma yil, soʻzma soʻz aytib beradi.

— Bu surat menga juda qadrdon, — deydi u. — Uni tasviriy sanʼat asarlariga qiziqishimni koʻrib, mijozim, koʻp yillik qadrdon akaxonim Anatoliy Vasilevich Xvan sovgʻa qilgan,“Oq qayinlar” degan surat bilan birga, “Mendan senga esdalik boʻlib qolsin” deb.U kishi oʻtgan yili olamdan oʻtdi. Yaxshi inson edi. Mijozlarim kelib, kartina haqida soʻz ochishsa, albatta Vasiliy akani ham eslab qoʻyaman.

...Nodir Jabaraliyev Guliston shahridagi Doʻstlik mahallasida joylashgan ustaxonasida eng murakkab taʼmir - motor sozlash bilan band: “taq-toʻq” Ikki suratdan iborat galereyasida ham oddiy hayotning sirli va murakkab manzaralari – bir tomondan oq qayinzor shovullashi va boshqa yoqdan nomaʼlum goʻzalning soʻzlari eshitilgandek boʻladi: “Men kimman... bilasizmi?” . Va aniqki, bu savolning javobi asrlar osha “Nomaʼlum goʻzal” boʻlib qolaveradi.Binobarin asarning qimmatiyu maftunkorligi ham, shunda.

Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер