“Temir daftar”dan tadbirkorlikkacha…

15:22 28 Mart 2023 Jamiyat
602 0

Foto: Халқ сўзи

Xalqimiz orasida baliq emas, qarmoq bering, degan gap bor. Shunda u nafaqat, oʻzini, balki oʻzgalarni ham boqadi. Marhamat tumanidagi “Oqbosh” mahallasida istiqomat qiluvchi Sabohatxon Madumarova faoliyati bilan tanishar ekanman, bunga yana bir bor amin boʻldim.

— Qishlogʻimizda ishlab chiqarish korxonalari boʻlmaganligi, tuman markazidan biroz olisdaligi bois aksariyat xotin-qizlarimiz uy muhitiga bogʻlanib qolgan, — deydi mahalla faoli Oʻgʻiloy Mamasoliyeva. — Sabohatxon hali qurib bitkazilmagan hovli-joyga koʻchib chiqqani, uch nafar farzandlari hali yoshligi, turmush oʻrtogʻi ham ishsizligi sabab “Temir daftar”dagi ayollar safidan joy olgan. Oʻzi harakatchan, tirishqoq boʻlgani bois tez orada nafaqat oʻzini, balki, qoʻshnilarini ham daromadli qila boshladi.

Sabohatxonning turmush oʻrtogʻi daromad topish uchun Rossiya davlatiga ketgach, ayol ham tirikchilik uchun harakat qilishni ixtiyor etgan. Axir, turmush oʻrtogʻining topgan pulini roʻzgʻorga sarflayversa, uyi qachon bitadi?.. Biroq, uch nafar bola bilan uydan ham tashqariga chiqa olmaydi-ku?..

Ana shunday oʻy-xayollar girdobida qolgan ayol bir kuni ijtimoiy tarmoq orqali sunʼiy gul yasash uslubini koʻrib qoldi. Uquvli emasmi, uni amalda qoʻllab koʻrishni xohladi. Kerakli ashyolarni topgach, bir urinishda suvenir gul yasadi. Quvonarlisi shundaki, oʻrganish uchun yasalgan birinchi mahsulotga xaridor ham topilib qoldi. Bu uning ikkinchi mahsulotni tayyorlashiga sabab boʻldi. Shu tariqa ijtimoiy tarmoq orqali saboq ola boshlagan Sabohatxonning uyi sunʼiy guldastalarga toʻlib ketdi. Onlayn mashgʻulotlardan olgan sabogʻi befoyda ketmagach, ayolni ikkinchi savol qiynay boshladi. Shuncha mahsulotni kimga sotadi? Buning yechimini ham ijtimoiy tarmoqdan topdi. Telegramda maxsus guruh ochib, mahsulotini targʻib qila boshladi. Qarabsizki, kundan-kunga qiziquvchilar soni ham ortdi. Har bir ishning uddasidan chiquvchi ayol mahsulotni xaridorlarga eltib berish uchun haydovchilar xizmatidan foydalana boshladi. Shu tariqa u respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida savdo aylanmasini tashkil etdi.

— Bu men uchun eng qulay ish boʻldi, — deydi Sabohatxon Madumarova biz bilan suhbatda. — Uydan chiqmagan holda daromad topmoqdaman. Hatto xomashyoga ham ijtimoiy tarmoq orqali buyurtma beraman. Xaridorlar shu qadar koʻpki, buyurtmalarni bir oʻzim tayyorlashga ulgurmay qoldim. Shundan soʻng shogird olishga qaror qildim. Hozirda toʻrt-besh nafar hamqishloqlarim birgalikda sunʼiy gul va boshqa sovgʻalar tayyorlash bilan bandmiz.

Bundan uch yil muqaddam ish boshlagan ayol bugunga kelib 30 nafardan ziyod shogirdlarga oʻz hunarini oʻrgatdi. Buning uchun oyiga 300 ming soʻmlik toʻlov asosidagi mashgʻulot dasturini ishlab chiqdi. 20 ming soʻmdan 1 mln 200 ming soʻmgacha boʻlgan mahsulotlariga oldindan buyurtmalar mavjud. Har oyda oʻrtacha 2 mln soʻm sof daromad ishlab topmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish joizki, eplaganga elakda suv. Uydan chiqmagan holda daromad ishlab topishning sirini oʻzlashtiribgina qolmay, oʻzgalarni ham shunga undayotgan Sabohatxonning faoliyati bunga misoldir.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер