«Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida»gi Qonun bilan savdodagi texnik toʻsiqlar minimal darajaga tushishi oqibatida Yevropa bozorlariga eksport imkoniyatlari koʻpayadi

14:40 03 Mart 2023 Jamiyat
767 0

Foto: Халқ сўзи

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi axborot xizmati rahbari Abdurauf Rasulov maʼlum qildi.

Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan savdo-sotiqdagi texnik toʻsiqlarni kamaytirishga yordam beradigan samarali tartibga solish choralari shaklida ishlab chiqilgan texnik tartibga solishning belgilangan amaliyoti tamoyillari va qoidalari mavjud. Har bir mamlakatning mahsulot ishlab chiqarish va bozorda muomalaga chiqarishni milliy tartibga solish tartiblari bir-biridan farq qiladi.

Xorijiy tajribadan kelib chiqib, Milliy sifat infratuzilmasining huquqiy asosini takomillashtirish, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi faoliyat turlarini institutsional rivojlantirish hamda sohadagi mavjud qonunchilikni tizimlashtirish maqsadida “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida«gi, «Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunlari normalarini oʻz ichiga oluvchi “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ishlab chiqildi.

Mazkur Qonun xalqaro tajriba jumladan Yevropa Ittifoqi davlatlari, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Avstraliya, MDH davlatlari qonunchiligidan kelib chiqib xalqaro ekspertlar ishtirokida tayyorlandi.

Xalqaro tajribaga koʻra, Yevropa Ittifoqi davlatlarida standartlashtirish, metrologiya, akkreditatsiya va muvofiqlikni baholash sohalaridagi vakolatli organlar oʻz vazifalarini belgilangan tartib-tamoillarga muvofiq, sifat milliy infratuzilmasi qatnashchilari sifatida amalga oshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunini qayta koʻrib chiqilishining asosiy maqsadlaridan yana biri milliy texnik tartibga solish tizimini, shu jumladan sertifikatlash tartib-qoidalarini jahon savdo tashkiloti Jahon savdo tashkiloti (JST) talablariga muvofiqlashtirishdir.

“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuni texnik reglamentlarning ishlab chiqilishi va joriy etilishi hamda sertifikatlashtirish sohasida yagona siyosat uchun asos yaratadi. Mazkur Qonun loyihasida:

— muvofiqlikni baholashning majburiy va ixtiyoriy ravishda amalga oshirish muhitini yaratish;

— texnik reglamentlarni ishlab chiqishda, mahsulotlar muvofiqligini baholashda xalqaro standartlardan foydalangan holda zarur boʻlgan sinov va oʻlchov usullarini belgilovchi normativ hujjatlar roʻyxatini shakllantirish;

— ixtiyoriy va majburiy standartlarga oʻtish;

— mahsulotlarga qoʻllaniladigan majburiy talablarni faqatgina qonunchilikda va texnik reglamentlarda belgilash nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi 8 ta bob, 53 ta moddadan iborat.

Qonunning qoʻllanilish sohasi hamda tatbiq etilmaydigan sohalari aniq belgilanishi natijasida amaldagi qonunchilikdagi boʻshliqlar toʻldirilmoqda.

Texnik jihatdan tartibga solish davlat tizimi milliy sifat infratuzilmasi qatnashchilarini oʻz ichiga olishi belgilanmoqda, yaʼni mahsulot xavfsizligini ketma-ketlik zanjiri boʻyicha toʻliq taʼminlash tizimi belgilanmoqda.

Texnik reglamentlarni ishlab chiqish, qabul qilish, qoʻllash va qayta koʻrib chiqish tartibi batafsil bayon etilmoqda.

Xalqaro amaliyotdan kelib chiqib texnik reglamentlarning umumiy va maxsus texnik reglamentlar turlariga ajratish amaliyoti bekor qilinmoqda.

Amalda texnik reglamentlar texnik hujjat hisoblangani va uning normalari tadbirkorlik subyektlari uchun koʻp hollarda tushunarsiz boʻlganligi sababli texnik reglamentni qoʻllash tartibi va qoʻllash boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar ishlab chiqish amaliyoti kiritilmoqda.

Mahsulotlarning muvofiqligini baholash talablari texnik reglamentning oʻzida belgilanishi, shu bilan birga xavflilik darajasi pastroq boʻlgan mahsulotlar deklaratsiyalash usulida tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda. Yaʼni tadbirkorlik subyektlari (ishlab chiqaruvchi, importer) mahsulotini oʻzi xavfsizligini kafolatlashi orqali muvofiqligini tasdiqlaydi. Shu oʻrinda bozorga chiqarayotgan mahsulotining xavfsizligiga javobgarligi ham alohida modda bilan yuklatilmoqda.

Nazorat qiluvchi organlar oʻrtasida, bozorda muomalada boʻlgan yuqori xavf darajasiga ega mahsulotlar toʻgʻrisida oʻzaro axborot almashish imkonini beruvchi tizim yaratilishi belgilanmoqda, bu oʻz oʻrnida ichki bozorni xavfli mahsulotlardan himoya qiladi.

Davlat nazoratining “nazorat xaridi” shakli joriy etilishi ishlab chiqaruvchi hamda importerni bozorga doimiy ravishda sifatli mahsulot chiqarishiga asos boʻlib xizmat qiladi.

Bugungi kunda mahsulot yetkazib beruvchilari ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi va sotuvchining faqat xavfsiz mahsulotlarni muomalaga chiqarish, mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini taʼminlash majburiyatlari amaldagi qonunchilikda oʻz aksini topmaganligi sababli ularning mahsulotni xavfsizligini taʼminlashdagi aniq majburiyatlari belgilanmoqda.

Endilikda texnik reglamentlar xalqaro (mintaqaviy) standartlar asosida ishlab chiqarilishi joriy qilinmoqda. Mahalliy ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz Xalqaro standartlar talablari asosida tayyorlansa va sinovdan oʻtkazilsa uning eksport geografiyasini kengayishiga xizmat qiladi. Savdodagi texnik toʻsiqlar minimal darajaga tushishi oqibatida Yevropa bozorlariga ham eksport imkoniyatlari koʻpayadi.

Qonun talablari asosida ishlab chiqiladigan texnik reglamentlar mahsulotlarning xavfsizlik talablarini belgilash orqali fuqarolar hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, isteʼmolchilarni chalgʻitadigan harakatlarning hamda savdo-sotiqdagi texnik toʻsiqlarning oldini olish, ichki va tashqi bozorda mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga zamin yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер