Taqdimot kitobxonlar bayramiga aylanib ketdi

19:55 05 Yanvar 2024 Jamiyat
635 0

Samarqand viloyati axborot kutubxona markazida Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi, shoir va publitsist, tarjimon Toshpoʻlat Oʻrxun (Toshpoʻlat Tugalov) ning yangi chop etilgan “Surur” hamda “Umr karvoni” nomli sheʼriy kitoblari hamda “Tong yulduzi bolalari” nomli tarjima asarining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda ishtirok etgan taniqli shoir va adiblar, adabiyotshunos va tilshunos olimlar, jurnalistlar, maʼnaviyat faollari hamda sheʼriyat ixlosmandlari, ijodkorning yaqinlari, doʻstlari Toshpoʻlat Oʻrxunning serqirra faoliyati, ijodi haqida oʻz fikrlarini bildirishdi.

Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, adib va dramaturg Farmon Toshev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova shoir asarlarining gʻoyaviy-badiiy xususiyatlariga kengroq toʻxtaldilar.

— Sheʼr — qalb tugʻyoni, u qalbda tugʻilib, qalbga boradi, — dedi Xosiyat Bobomurodova. — Toshpoʻlat Tugalovning sheʼrlari qalbdan chiqib, qogʻozlarga tizilgan. Uning har bir sheʼri falsafiy mushohada bilan yoʻgʻrilgan. Ushbu kitoblarda eʼtiqod, burch, insoniylik tushunchalari qalb tugʻyoni, vijdon azobi, yurak qoni bilan badiiy tadqiq etilgan.

Filologiya fanlari doktori, professorlar Joʻliboy Eltazarov va Shavkat Hasanov, Filologiya fanlari nomzodi Tolib Joʻrayevlar ijodkorning yangi kitoblaridan oʻrin olgan ijod namunalarining badiiy qiymati, janr xususiyatlari haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Tadbir davomida shoir ijodidan namunalar oʻqildi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер