Taniqli faylasuf olim Abdurahim Erkayev tavalludining 75 yilligi nishonlandi
Foto: “Xalq soʻzi”
Qarshi davlat universitetida mazkur OTM professori, taniqli faylasuf olim, oʻzbek falsafa maktabining dargʻalaridan biri, senator Abdurahim Erkayev tavalludining 75 yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Unda olimning hamkasblari, doʻstlari, shogirdlari, ilm-fan va ijod sohasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov, Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Farhod Boqiyev, Senat aʼzolari — Ilhom Qurbonov, Shermat Shamsiyev hamda Xurshid Fozilovlar soʻzga chiqib, Abdurahim Erkayevning koʻp yillik ilmiy va mehnat faoliyati, senator sifatida amalga oshirayotgan ishlari haqida toʻxtalib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning tabrigini oʻqib eshittirildi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov, Qarshi Davlat universiteti rektori Dilmurod Nabiyev, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori Orif Bozorov, Shahrisabz Davlat pedagogika instituti rektori vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Jamshid Shonazarovlar Abdurahim Erkayevning mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, maʼnaviy-maʼrifiy sohani yuksaltirish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy gʻoyalar ruhida tarbiyalash yoʻlida olib borayotgan ham amaliy, ham ilmiy-nazariy va maʼrifiy-targʻibot ishlarini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

“Nuroniy” jamgʻarmasi Respublika boshqaruvi raisi oʻrinbosari Sharof Ubaydullayev Abdurahim Erkayevga “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonini tantanali ravishda topshirdi.
Shu kuni universitetda Abdurahim Erkayev tavalludining 75 yilligi munosabati bilan chop etilgan “Doʻstlar qutlovi” kitobining taqdimoti ham oʻtkazildi.
Tadbir Qarshi shahridagi muhtasham toʻyxonada bir piyola choy ustida davom ettirildi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring