Taʼlim dargohlari va tashkilot-muassasalarda navoiyxonlik kechalari boʻlib oʻtmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligi Samarqand viloyatida ham keng nishonlanmoqda.
Bugun Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi markaziy istirohat bogʻi erta tongdan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchilar, shoirlar, professor-oʻqituvchilar, talaba va oʻquvchi-yoshlar bilan gavjum boʻldi.

Alisher Navoiy haykali poyida oʻtkazilgan tadbirda ulugʻ bobokalonimizning hayoti, boy madaniy merosi va bugungi kundagi qadr-qimmati xususida soʻz yuritilib. hazrat Navoiy asarlari dunyo xalqlarining bebaho maʼnaviy merosiga aylangani qayd etildi. Turli tillarda shoirning gʻazal va ruboiylaridan namunalar oʻqildi.
Samarqand viloyat musiqali drama teatri sanʼatkorlari tomonidan Navoiy siymosi aks ettirilgan sahna koʻrinishlari namoyish etildi.
Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy siymosiga ehtirom sifatida uning mahobatli haykali poyiga gulchambarlar qoʻydi.
Sanaga bagʻishlangan tadbirlar Samarqand shahridagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabining konsert zalida kuy-qoʻshiqlar va mushoira kechasi bilan davom etdi.
Bugun taʼlim dargohlaridan tortib qator tashkilot va muassasalarda ham navoiyxonlik kechalari boʻlib oʻtmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring