Talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi
Termiz davlat pedagogika institutida yoshlar uchun yana bir muhim ijtimoiy loyiha amalga oshirildi. Termiz tumanida barpo etilayotgan Yangi Oʻzbekiston massivida 400 oʻrinli zamonaviy talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.
Besh qavatli yangi binoda talabalar uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan. 107 ta xonani oʻz ichiga olgan turar joy televizor, Wi-Fi tarmogʻi, oʻqish va dam olish uchun zarur jihozlar bilan taʼminlangan. Shuningdek, binoda tikuvchilik xonasi, maʼnaviyat xonasi, kutubxona, fitnes zali va boshqa xizmat xonalari tashkil etilgani yoshlar uchun qulay muhit yaratadi.

Mazkur inshoot nafaqat talabalarni turar joy bilan taʼminlash, balki ularning maʼnaviy va jismoniy kamoloti uchun ham muhim ahamiyatga ega. Yangi binoda oʻtkazilgan uchrashuvda talabalar bilan muloqot qilinib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi. Yoshlar tomonidan bildirilgan masalalarni hal etish va ilgʻor gʻoyalarni qoʻllab quvvatlash boʻyicha masʼullarga tegishli vazifalar yuklatildi.


Termiz davlat pedagogika institutida bugungi kunda 10,8 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 6,6 ming nafari kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiydi. Yangi talabalar turar joyi foydalanishga topshirilishi yoshlarni ijtimoiy qoʻllab quvvatlash va taʼlim muhitini yanada yaxshilash borasidagi izchil saʼy harakatlarning amaliy ifodasi boʻldi.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring