Taxtakoʻpirda Qorakoʻlchilik tajriba stansiyasi ochildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Taxtakoʻpir tumanida Qorakoʻlchilik ilmiy naslchilik tajriba stansiyasining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
“Mulk” ovulida qad rostlagan ushbu binoning ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M. Kamalov ishtirok etdi va respublikada qorakoʻlchilik tarmogʻini rivojlantirish borasidagi vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2019-yil 3-avgustdagi tegishli qarori bilan mazkur naslchilik tajriba stansiyasini tashkil etish uchun talab qilingan 5 milliard soʻm mablagʻdan bugungi kunda 4,2 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, 1056 bosh sur qoʻylari olib kelindi. Tuman hokimining oʻtgan yil 15-noyabrdagi qaroriga koʻra esa, 111,4 gektar yer maydoni ajratilgan va uning asosiy qismida qoʻylar uchun ozuqa ekinlari yetishtirilmoqda.
— Prezidentimiz tomonidan qorakoʻl qoʻylarini yetishtirishga qulay tumanlarda shu kabi tajriba stansiyalarini tashkil etish vazifasi belgilangan edi, — deydi Taxtakoʻpir tumanidagi Qorakoʻlchilik ilmiy naslchilik tajriba stansiyasi rahbari Sharap Akayev. — Negaki, bunday stansiya hududda qorakoʻlchilikda naslchilik ishlarini ilmiy asosda yoʻlga qoʻyish, qorakoʻl terilarini yetishtirish va yaylovlardan samarali foydalanishni tashkil qilishda muhim ahamiyatga ega. Jamoamiz bilan birgalikda amalga oshiradigan asosiy maqsad va vazifalarni belgilab olganmiz. Shunga muvofiq, 2025-yilgacha chorva mollari sonini 10 mingga yetkazgan holda sur qoʻylarining sonini koʻpaytirmoqchimiz. Bu oʻz-oʻzidan mahsulotni koʻpaytirish va sur terilarni eksport qilish salohiyatini oshirishga, shuningdek, jahon bozorida oʻz brendimizni shakllantirishga zamin yaratadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Kamalov tumandagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarida boʻlib, chorvadorlar bilan suhbatlashdi, ularning murojaatlarini tingladi.
Bugungi kunda Taxtakoʻpir tumanida jami 148 ming 852 bosh qoʻy-echki boqilmoqda. Ularni qishdan talafotsiz oʻtkazish uchun ozuqa zaxiralari jamlangan. Tumanda oʻtkazilgan tadbirlar doirasida chorvadorlar oilalaridan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Eʼtiborlisi, ushbu qorakoʻlchilik tajriba stansiyasi hududda chorvachilik bilan birga qorakoʻlchilik tarmogʻini ham rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratib beradi.
Gʻayrat Otajonov “Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring