Tabiiy gaz taʼminotida uzilishlarning oldi olinmoqda

18:16 24 Mart 2023 Jamiyat
607 0

Foto: Xalq so‘zi

Andijon viloyatida aholiga tabiiy gaz yetkazib berishda barqarorlikni taʼminlash chora-tadbirlari izchil olib borilmoqda. Buning uchun, avvalo, gaz taqsimlash qurilmalarining sozligi va quvurlarning gaz oʻtkazuvchanligi muhim ahamiyatga ega. Shu bois birgina Oltinkoʻl tumanining oʻzida 670 km uzunlikdagi gaz quvuri muntazam nazoratdan oʻtkazib kelinmoqda.

— Xususan, «Markaz» MFY oʻramida joylashgan xonadonlarni gaz bilan taʼminlovchi yer usti gaz quvurining 4,8 km qismini hamda 6 dona gaz taqsimlash qurilmasini nazoratdan oʻtkazib, ularning sozligi taʼminlandi, — deydi «Oltinkoʻltumangaz» gaz taʼminoti boʻlimi muhandisi Jahongir Qosimov. — Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishda onlayn nazorat dasturi qoʻl kelmoqda. Bu orqali nafaqat gaz taqsimotidagi tenglik taʼminlanyapti, balki nosozliklar oldindan aniqlanib, oʻz vaqtida bartaraf etilishiga erishilmoqda.

Hozirda tumanda isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib berishda uzilishlar umuman kuzatilmayapti. Bundan, tabiiyki, aholi minnatdor.

— Aslida tabiiy gazga har kuni ehtiyojimiz bor, biroq Ramazon oyida unga boʻlgan talab yanada ortadi, — deydi «Markaz» mahallasida yashovchi Oydinoy Ahmadjonova.  — Gaz taʼminoti idorasi xodimlari xonadonma-xonadon yurib, taʼminotga oid vaziyatni oʻrganish bilan birga gaz plitasidan tortib gaz quvurimizgacha boʻlgan qismlarda sozlash ishlarini amalga oshirishdi. Endi tabiiy gaz bilan bogʻliq muammolardan xavotir olmasak ham boʻladi.

Saminjon HUSANOV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер