Tabiiy gaz taʼminotida ham “aqlli” hisoblagichlar oʻrnatilmoqda
Navoiy viloyatida barcha toifadagi isteʼmolchilar uchun tabiiy gazni boshqarish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimining joriy etish ishlari boshlandi.
Respublikamiz Prezidentining 2017-yil 13-noyabrdagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2019-yil 9-iyulda qabul qilingan “Iqtisodiyot va aholini energiya manbalari bilan barqaror taʼminlash, neft va gaz sanoatini boshqarish tizimini moliyaviy sogʻlomlashtirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlarida aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga tabiiy gaz yetkazib berish barqarorligini taʼminlash va oʻzaro toʻlovlarni tartibga solish ustuvor belgilanib, unga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish vazifalari belgilangan.
Shuningdek, mazkur qarorlarda barcha toifadagi isteʼmolchilar uchun zamonaviy – “aqlli” gaz hisoblagichlarining oʻrnatilishi majburiyligi belgilanib, shu orqali gaz isteʼmoli va hisobga olishni nazorat qilish, maʼlumotlarni yigʻish uchun yagona boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyish, gaz taʼminotchisi va energiya kompleksining bir qator tuzilmalaridagi moliyaviy yoʻqotishlarning oldini olish, aholi orasida isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun debitor qarzdorlikni kamaytirish imkonini yaratadi.
Bir soʻz bilan aytganda joriy yilning may oyidan boshlab, Navoiy viloyatida ham ana shunday zamonaviy hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari boshlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, viloyatdagi 152 ming 559 tabiiy gazdan foydalanuvchilarning xonadonlarida 2021-yil yakunigacha zamonaviy gaz hisoblagich uskunalarini oʻrnatish rejalashtirilmoqda.
— Hozirda Karmana tumanining “Qaldirgʻoch” mahallasida namunaviy tarzda hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari yakunlanib, isteʼmolchilarga uning qulayligi, afzalliklari haqida maʼlumotlar taqdim etilyapti, - deydi Jamiyat bosh direktori oʻrinbosari Jamshid Sanaqulov. — Taʼkidlash joiz, tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini tatbiq etish orqali qarzdorlik bilan bogʻliq muammo va uzilishlarning oldi olinishi bilan birga yoʻqotishlar hamda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari toʻgʻrisida taʼminotchini vaqtida ogohlantirilishiga erishiladi. “Aqlli” hisoblagichlar isteʼmolchining yoqilgʻi sarfini yuqori aniqlik bilan oʻlchab, real vaqt rejimida maʼlumotlarni uzatadi.
“Aqlli” hisoblagichlarning isteʼmolchilar uchun qulayligi esa gaz quvuridagi tabiiy gaz haroratining oʻzgarishini oʻlchash natijasida tabiiy gaz sarfi haqqoniyligi taʼminlanadi. Bu esa korxonaning tabiiy gaz sarfi hisobidagi mavhum holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Ularni oʻrnatish bilan bogʻliq barcha ishlar «Hududgaztaʼminot» AJ va uning hududiy boʻlimlari tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur jarayon oʻz ichiga gaz hisoblagichlarini oʻrnatish, maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va uzatish, aloqa liniyalarini yotqizish hamda zarur telekommunikatsiya moslamalarini oʻrnatish kabilarni qamrab oladi. Bir soʻz bilan aytganda, zamonaviy uskunalar aholi isteʼmolchilariga bepul oʻrnatiladi. Hisoblagichni quvvatlantirish uchun faqat ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan talablarga javob beruvi maxsus batareyalardan foydalanish talab etiladi.
— Himoya plombasi buzilmasligining oldini olish uchun hisoblagichni quvvatlantiradigan batareyani isteʼmolchi tomonidan mustaqil ravishda almashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, — deydi jamiyat mutaxassisi Feruz Toshev. — Elektron oʻlchov tuguni batareyasining foydalanish muddati belgilangan shartlarda kamida 8 yilni tashkil etadi. Hisoblagichni oʻrnatish, yechish hamda profilaktik tekshirishga faqat gaz tarmoqlari operatorlari yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning bunday ishlarni amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnomaga ega boʻlgan xodimlariga ijozat beriladi. Bu kabi tadbirlar hisoblagich oʻrnatilgan gaz quvurida gaz bosimi boʻlmaganda amalga oshiriladi. Meʼyoriy hujjatlarda hisoblagichlarni tegishli tashkilot xodimining toʻgʻridan-toʻgʻri nazorat tadbirlarini olib borishi uchun xonadonlarning kirish qismlariga belgilangan balandlikda oʻrnatilishi kerakligi aytilgan. Isteʼmolchilarga bu boʻyicha tushunchalar berilyapti.
— Bunday gaz hisoblagichlar biz uchun chinakam yangilik , - deydi Karmana tumanining “Qaldirgʻoch” mahallasida yashovchi fuqaro Azamat Namozov. - Endi faqat isteʼmol qilingan gaz uchun haq toʻlanishida shaffoflikning taʼminlanishi, barcha xarajatlar, jumladan, taʼmirlash va oʻlchash moslamalarini davlat qiyoslov tekshiruvlaridan oʻtkazish ishlari ham gaz taʼminoti tashkilotining mablagʻlari hisobidan qoplanishi eshitib, juda xursand boʻldik. Tabiiyki, biz isteʼmolchilar ham masʼuliyatni oshirib, gazdan, gaz jihozlaridan oqilona foydalanishni odat qilishimiz kerak.
Eng muhimi ushbu loyiha iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash va isteʼmolchilar uchun bir qator qulayliklarga ega ekanligi bilan ahamiyatlidir.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring