Suvdan foydalanishdagi qonunbuzarliklar oqibatida 1 mlrd.soʻmdan ortiq jarima qoʻllanilgan — “Oʻzagroinspeksiya”
Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari ishtirokida “Joriy yilda suv tanqisligini yumshatish maqsadida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Unda kun tartibidagi dolzarb masala boʻyicha maʼlumotlar taqdim etildi.
Qayd etilishicha, 2021-yilning yozgi sugʻorish mavsumi uchun suv olish limitlarini har bir foydalanuvchi va isteʼmolchiga taqsimlanib, yetkazilishi hamda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli yuzasidan shartnomalar toʻliq rasmiylashtirilishi nazoratga olindi.
Xususan, «Oʻzagroinspeksiya» organlari tomonidan hisobot davrida belgilangan tartibda oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida 5708 ta holatda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzish;
1985 ta holatda suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni oʻzboshimchalik bilan bajarish;
513 ta holatda suv obyektlaridan belgilangan suv olish limitlarini buzish;
430 ta holatda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli rejalarini buzish;
632 ta holatda suv obyektlaridan olinadigan va ularga quyiladigan suv miqdorini dastlabki hisobini yuritish qoidalarini buzish;
356 ta holatda davlat suv kadastri yuritishning belgilangan tartibini buzish;
1205 ta holatda suv xoʻjaligi inshootlari va qurilmalaridan foydalanish qoidalari buzilganligi aniqlangan.
Shuningdek, 1151 ta holatda suv isteʼmolchilari tomonidan limitdan ortiqcha suv olinganligi, 1200 ta holatda suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari tomonidan suv olishga ruxsat etilmagan joylardan, shuningdek, shartnoma tuzmasdan suv olganligi, 750 ta holatda suvdan maxsus foydalanish ruxsatnomasisiz suv olish yoki suvdan foydalanish, 774 ta holatda suvni oʻzboshimchalik bilan egallab olish kabi tartib buzilish hamda 1006 ta boshqa holatdagi qonunbuzilishlar aniqlangan.
Inspeksiya organlari tomonidan mazkur qonunbuzilishi holatlarini kelib chiqish sabablari oʻrganilib, kelgusida shu kabi qonunbuzilishlarni oldini olish boʻyicha tegishli tashkilot va korxonalarning masʼul mansabdor shaxslariga 9239 ta ogohlantirish, 1297 ta yozma koʻrsatma va 371 ta taqdimnomalar kiritildi.
Aniqlangan qoʻpol qonun buzilishi holatlariga nisbatan 3789 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 073 mln. soʻmlik maʼmuriy va 2274 ta 1 167 mln. soʻmlik moliyaviy jarima sanksiyalari qoʻllanildi.
Bundan tashqari, 1206 ta qonun buzilishi holatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar tegishliligi boʻyicha koʻrib chiqishlik uchun sudlarga kiritilishi taʼminlandi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring