Suv koʻp-u, nega baliq kam?
Foto: «Халқ сўзи»
Mamlakatimizning okeanlar hamda unga tutash dengizlardan yiroqligi aholining baliq hamda baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va omilkorlik bilan ish koʻrishni taqozo etadi. Shu mezon asosida Navoiy viloyati imkoniyatlariga razm solsak, hudud havas qilgulik salohiyatga ega ekanligiga amin boʻlamiz. Xususan, viloyatda Toʻdakoʻl 21673, Shoʻrkoʻl 2519 , Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi 125 ming gektardan ortiq maydonni egallaydi. Bundan tashqari Zarafshon daryosi viloyatning Xatirchi, Karmana, Navbahor va Qiziltepa tumanlaridan oʻtib, oʻng va soʻl sohillarida baliqchilikni sunʼiy havzalarda qafas usulida rivojlantirish uchun ham bir talay imkoniyatlarni taqdim etadi.
Garchand ushbu imkoniyatlardan foydalanish yoʻlida soʻnggi yillarda muayyan ishlar amalga oshirilgan boʻlsa-da, viloyatda baliqchilik rivoji hamon aholi ehtiyojini toʻliq qanoatlantirishga qodir emas. Mazkur masala 2021-yil 20-dekabr kuni davlatimiz rahbari raisligida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, bu boradagi ishlarning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida baliqchilik sohasini rivojlantirish va kooperatsiya asosida baliq yetishtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlariga bagʻishlangan yigʻilishda ham tahlil etilgan edi. Chunonchi, joylarda mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani, intensiv baliq yetishtirish hajmi umumiy ishlab chiqarishning 10 foizidan oshmayotgani tanqid qilinib, ahvolni oʻnglash boʻyicha aniq vazifalar belgilangan edi.
Karmana tumanida oʻtkazilgan seminar mamlakatimiz rahbari tomonidan soha ravnaqi yoʻlida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, viloyatda baliqchilikni rivojlantirishga toʻgʻanoq boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish masalalariga bagʻishlandi.
Seminarda Navoiy viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov oʻtgan yili 2020-yilga nisbatan ovlangan baliq qariyb 2 baravarga oshgan boʻlsa-da, baliq yetishtirish koʻngildagidek emasligiga eʼtibor qaratdi. Xususan, fermer xoʻjaliklari tomonidan yillik hisobotlarni topshirish yakunlanayotgan boʻlishiga qaramasdan, ayrim tumanlarda prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishi oʻta qoniqarsizligicha qolmoqda.
Misol uchun, Qiziltepa tumanida fermer xoʻjaliklari belgilangan 968 tonnalik prognoz koʻrsatkichlarini 404 tonnaga yoki 41,8 foizga bajargan. Shuningdek, Navbahor tumanidagi “Navbahor baliqchi kelajagi” fermer xoʻjaligi tomonidan 150 gektar sunʼiy suv havzasidan ovlangan baliq 215 tonna boʻlib, oʻrtacha hosildorlik gektaridan 1,4 tonnani tashkil qilmoqda yoki mavjud imkoniyatga nisbatan gektaridan 1,6 tonnaga kam hosildorlikka erishilgan. Xatirchi va Nurota tumanlarida ham shu kabi holatlarni kuzatish mumkin.
Seminarda “Navoiybaliqsanoat” MCHJ direktori P. Roʻziqulov, “Export Fısh Product” MCHJ direktori O. Saidov, xitoylik va eronlik mutaxassislar intensiv baliq yetishtirishning qulayliklari, buning uchun tadbirkorlar va aholi uchun yaratilgan sharoitlar, dunyoda soha samaradorligini oshirish maqsadida qoʻllanilayotgan zamonaviy, innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, baliqchilik klasterlarini tashkil etish, sunʼiy suv havzalarini qurish hamda ularda aerotor va xoʻrakdonlar oʻrnatish evaziga intensivlashtirish masalalari boʻyicha maʼlumot berdilar.
Shuningdek, baliqchilik bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik subyektlari vakillari, tajribali baliq yetishtiruvchilar tomonidan sohadagi ayrim muammolar yuzasidan bildirilgan fikrlar boʻyicha aniq manzilli vazifalar belgilandi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring