Suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari ishtirokida brifing oʻtkazildi

13:41 25 Fevral 2022 Iqtisodiyot
1042 0

Foto: Халқ сўзи

2022-yil 25-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish” mavzusida brifing oʻtkazildi. Unda Suv xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari Akmal Mirzayev axborot berdi.

Prezidentimizning 2020-yil 10-iyuldagi PF-6024-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi”da davlat-xususiy sheriklik va autsorsingni joriy etish, alohida suv xoʻjaligi obyektlarini fermer, klaster va boshqa tashkilotlarga foydalanish uchun berish hamda tejalgan mablagʻlarni suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish, xodimlar mehnatiga haq toʻlash hamda ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish boʻyicha vazifalar belgilangan.

Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida
2020-yilda 8 ta, 2021-yilda 100 ta loyiha yuzasidan xususiy sheriklar bilan bitimlar imzolandi. Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 1 trln. 333 mlrd.soʻmni tashkil etib, dastlabki yillarda xususiy sheriklar tomonidan 146,3 mlrd.soʻm investitsiya mablagʻlari kiritish va buning natijasida
144,5 mlrd.soʻm byudjet mablagʻlarini iqtisod qilish koʻzda tutilgan.

Misol uchun, Samarqand viloyati Narpay tumanida joylashgan irrigatsiya va melioratsiya obyektlari hamda 8 ta nasos stansiyalari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Maroqand sifat” MCHJ klaster tashkiloti boshqaruviga berildi. Loyihaning umumiy qiymati 463 mlrd.soʻm boʻlib, xususiy sherik tomonidan dastlabki yillarda nasos stansiyalarining 8 dona agregati toʻliq taʼmirlandi, Oqtosh-1 nasos stansiyasi binosining tom qismi yangilandi va Qozoq-Ariq kanalining 16 km uzunlikdagi qismi mexanizmlar yordamida tozalandi. Bundan tashqari, Xitoy davlatidan 500 ming AQSH dollari evaziga yangi (SFWP 105-700 markali) nasos agregatlari olib kelinmoqda.

Shuningdek, Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida joylashgan “Sholikor” va «Shoʻruzak» nasos stansiyalari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida «Guliston Agro Group klaster» MCHJ boshqaruviga berilgan. Loyihaning umumiy qiymati
46,4 mlrd.soʻm boʻlib, xususiy sherik tomonidan bugungi kunga qadar 5 mlrd.soʻm investitsiya mablagʻlari kiritilib, 5 dona nasos agregatlari rekonstruksiya qilindi, mavjud kanalga yangi damba qurildi, 1 dona zemsnaryad sotib olindi, suv keltiruvchi kanalning 200 metr qismi toʻliq taʼmirlandi, suv toʻsuvchi inshootlar modernizatsiya qilindi va nasos stansiyalarining yordamchi binolari taʼmirdan chiqarildi.

Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilar ekan, joriy yilda Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan 52 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar doirasida xususiy sheriklar tomonidan dastlabki yillarda investitsiyalar kiritilishi va buning natijasida byudjet mablagʻlarining iqtisod qilinishi koʻzda tutilgan.

Hozirgi kunda 8 ta loyihaning dastlabki hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli xulosalar olish uchun Moliya vazirligiga taqdim etilgan. Shu bilan birga, 23 ta loyiha boʻyicha hujjatlar tayyorlanmoqda va 21 ta loyiha yuzasidan xususiy sheriklar bilan muzokaralar davom etyapti.

Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qonlikoʻl tumanidagi «Bekyab 48» nasos stansiyasini «Ubaydullayev Batirbay» klaster tashkiloti boshqaruviga olish boʻyicha taklif tushgan. Umumiy qiymati 5 mlrd. 438,0 mln.soʻmlik loyiha doirasida xususiy sherik tomonidan dastlabki 2 yilda nasos stansiyasini yangi joyga koʻchirish va modernizatsiya qilish uchun 2 mlrd. 200 mln.soʻm investitsiya kiritish hamda loyiha muddati davomida ekspluatatsiya xarajatlarini toʻliq zimmasiga olib, buning uchun 3 mlrd. 239 mln.soʻm mablagʻ yoʻnaltirish taklifini bildirgan. Mazkur loyiha xususiy sherik tomonidan jami xarajatlar qaytarmaslik sharti bilan amalga oshiriladi.

Hozirgi kunda suv xoʻjaligi obyektlarini xususiy sherik boshqaruviga berish uchun shu kabi koʻplab takliflar bildirilmoqda.

2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida 260 ta Suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish boʻyicha loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik loyihalarining tatbiq etilishi davlat byudjetidan sohaga ajratiladigan mablagʻlarni bosqichma-bosqich kamaytirish, iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy vazifalarni hal etish uchun xususiy investitsiyalarni jalb etish va ilgʻor boshqaruv tajribasini joriy etishga xizmat qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер