Suv bu hayot, uning har tomchisi qadrli
Illyustrativ foto
Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida «Oʻzsuvtaʼminot» AJ mutasaddilari ishtirokida “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturidan kelib chiqib sohada bajarilgan ishlar tahlili» mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 28-yanvardagi tegishli Farmoniga muvofiq “Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi va uni «Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi qabul qilingan edi. Unda suv taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha ham bir qator vazifalar belgilangan. Jumladan, hududlarning muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma tizimini hamda xizmat koʻrsatish va servis sohalarini rivojlantirish doirasida respublika aholisining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish, tuman markazlarida oqova suv tizimlarini yangilash, suv taʼminoti quvurlaridagi suv siriqish nuqtalarini sunʼiy yoʻldosh texnologiyasi orqali masofadan zondlab aniqlash va taʼmirlashga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, Toshkent shahrida oqova suvlarni tozalash tizimini shahar hududidan tashqariga chiqarib, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi inshootlarni barpo etish yuzasidan kabilar shular jumlasidandir. Tadbirda bu borada amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning mart oyida Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va “Namangan shahar oqova suv tozalash inshootini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish” loyihasi boʻyicha tender gʻolibi – “Metito Utilities Limited” xorijiy kompaniyasi oʻrtasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim imzolangan va bu mazkur tizimda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan ilk loyiha hisoblanadi.
«Oʻzsuvtaʼminot» AJ Boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Sultonxoʻja Dadaboyevning aytishicha, hozirda Osiyo taraqqiyot banki bilan Toshkentda yangi oqova suv inshootlarini qurish boʻyicha muzokaralar olib borilgan hamda poytaxtimizda boʻlib oʻtgan Davlat-xususiy sheriklik boʻyicha davra suhbati doirasida «Oʻzsuvtaminot» AJ va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida Toshkent shahrida oqova suv tozalash inshootini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihasi yuzasidan maslahat xizmatini koʻrsatish boʻyicha bitim imzolangan.
Taraqqiyot strategiyasida Oʻzbekiston Respublikasi suv zaxiralaridan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida ichimlik suvi taʼminotida va oqova suv xizmatlarini koʻrsatishda boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni qayta tayyorlash tizimini xalqaro standartlarga muvofiq tubdan takomillashtirish va ularning professional saviyasini oshirish ham koʻzda tutilgan. Shundan kelib chiqib, ayni paytda Koreya Respublikasining “K-Water” korporatsiyasi bilan suv taʼminoti xodimlarini oʻqitish, ularda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, jahonning eng yaxshi tajribalari bilan tanishtirish maqsadida mamlakatimizda maxsus oʻquv muassasasini tashkil etish boʻyicha ham muzokaralar olib borildi.
Matbuot anjumanida, shuningdek, ayni paytda pilot loyiha tariqasida aholiga “aqlli” suv hisoblagichlarini oʻrnatish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida «Oʻzsuvtaʼminot» AJ Axborot xizmati rahbari Akmal Murodov maʼlumot berdi.
Tadbir yakunida jurnalistlar mutaxassislardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Malikadiana ISROFILOVA, OʻzDJTU talabasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring