Surxondaryoda mehr va shukronalik bayrami — Hayit keng nishonlandi

13:59 20 Mart 2026 Jamiyat
230 0

Surxondaryo viloyatida muborak Ramazon hayiti yuksak ruh, koʻtarinki kayfiyat va keng jamoatchilik ishtirokida nishonlandi.

Bayramning ilk tonggida viloyat boʻylab jami 135 ta jome masjidda qariyb 200 ming nafar fuqaro hayit namozini ado etdilar. Imom-xatiblar oʻz maʼruzalarida Ramazon hayitining mazmun-mohiyati, inson qalbini poklash, bagʻrikenglik va hamjihatlikni mustahkamlash borasida atroflicha soʻz yuritishdi.

Ayniqsa, Termiz shahridagi Hakim Termiziy jome masjidida minglab namozxonlar jam boʻlib, yurt tinchligi, xalq farovonligi va mamlakat taraqqiyoti uchun duo qildilar.

— Bugungi hayit namozidagi shukuh va odamlarning bir-biriga boʻlgan samimiy munosabatini koʻrib, qalbingizda alohida faxr tuygʻusi uygʻonadi, — deydi Roʻziboy ota Hasanov. — Bu kabi ommaviy ibodatlar xalqimizning birlashgani, oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlikka intilishining yorqin ifodasidir. Ayniqsa, yoshlar bilan keksalarning bir safda turib duo qilayotgani jamiyatimizdagi uzviylik va maʼnaviy davomiylikni koʻrsatadi. Eng muhimi, bunday ayyomlar insonlarni yaxshilik qilishga, ehtiyojmandlarga yordam berishga undaydi.

Ayyom munosabati bilan davlat va jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar “Mehribonlik” va “Muruvvat” uylarida, shuningdek, ehtiyojmand oilalar, yolgʻiz keksalar va nogiron shaxslarga moddiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatildi. Mahallalar, jamoat va xayriya tashkilotlari tomonidan keng koʻlamli iftorlik va ehson tadbirlari ham tashkil etildi.

Shu jihatdan, Ramazon hayiti nafaqat diniy bayram, balki jamiyatda birdamlik, tinchlik va oʻzaro hurmatni mustahkamlovchi muhim ijtimoiy voqelik sifatida namoyon boʻlmoqda.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер