Surxondaryoda 1 ming 753 ta korxonaning mol-mulki nima uchun xatlandi?
Foto: Xalq so‘zi
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini samarali amalga oshirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlardan foydalanib, biznes olamida oʻz oʻrnini topayotgan ishbilarmonlik subyektlarining safi keng. Ular ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish asnosida soliqlarni qonunda belgilangan tartibda toʻlab, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy ravnaqiga sezilarli hissa qoʻshmoqdalar.
Biroq soliq toʻlashni paysalga solib, bu boradagi qonunchilikni chetlab oʻtishga uringan tadbirkorlik subyektlari ham yoʻq emas.

Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi va uning quyi organlari tomonidan ana shunday korxonalarga qarshi qonuniy taʼsir choralari qoʻllanilmoqda. Jumladan, Qumqoʻrgʻon tumanidagi “Surxon parmalash ishlari” aksiyadorlik jamiyatining soliq qarzdorligi 9 milliard 700 million soʻmdan oshib ketgach, jamiyatining "Lacetti“ va 2 ta ”MAN“ rusumli yuk avtomobili, suv tashuvchi maxsus transportlari hamda maʼmuriy binosi soliq organlari tomonidan xatlandi. Shu tumandagi «Agroservis mashina traktor parki 2017» korxonasining 3 milliard 400 million soʻmlik, “Paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatining 251 million soʻmlik, “Yoʻllardan foydalanish” unitar korxonasining 1 milliard 100 million soʻmlik soliq qarzdorligi sabab mazkur korxonalarning mol-mulklari belgilangan tartibda xatlandi.
— Viloyatda 1 ming 753 ta korxonaning 156,0 milliard soʻmlik soliq qarzi evaziga ularning mol-mulki, yaʼni transport vositalari, noturar obyektlari xatlandi. Bu chora oʻz natijasini berdi - 1 ming 67 ta korxona tomonidan mavjud 87,0 milliard soʻmlik soliq qarzi toʻlandi. Bundan tashqari soliq qarzi mavjud boʻlgan 4 ming 368 ta korxona balansidagi mol-mulklar hamda transport vositalariga Solik kodeksining 114-moddasiga asosan taqiqlar qoʻyilgan, — deydi Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi Rustam Narzullayev.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring