Soʻnggi 10-yilda dunyo boʻyicha 120 millionga yaqin aholi majburan koʻchirilgan

18:29 13 Iyun 2024 Dunyo
539 0

Foto: AP

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar boʻyicha Oliy Komissarligi eʼlon qilgan hisobotga koʻra, soʻnggi 10-yilda kamida 117,3 million kishi yoki butun dunyo boʻylab har 69 kishidan biri majburan koʻchirilgan. Shulardan 68,3 millioni mojarolar yoki boshqa inqiroz tufayli oʻz mamlakatlari ichida koʻchib yurgan.

Xalqaro chegaralarni kesib oʻtgan qochqinlar soni 2023-yilda yetti foizga oshib, 43,4 million kishiga yetdi. Oʻsish Sudandagi qochqinlar, Ukraina va boshqa mintaqalarda davom etayotgan mojarolar bilan bogʻliq.

1980-yilda BMT tomonidan qayd etilgan qochqinlar soni birinchi marta 10 milliondan oshdi. 1980-yillarda Afgʻoniston va Efiopiyadagi urushlar 1990-yilga kelib, qochqinlar sonini ikki baravarga koʻpaytirdi. AQSHning 2001-yilda Afgʻonistonga va 2003-yilda Iroqqa bostirib kirishi, Janubiy Sudan hamda Suriyadagi fuqarolar urushlari natijasida 2021-yil oxiriga kelib qochqinlar soni 30 milliondan oshdi.

2022-yilda boshlangan Ukraina urushi Ikkinchi jahon urushidan beri eng tez oʻsib borayotgan qochqinlar inqiroziga olib keldi. 5,7 million kishi bir yildan kamroq vaqt ichida Ukrainani tark etishga majbur boʻlgan. 2023-yil oxiriga kelib esa 6 million ukrainalik majburan koʻchirildi. Shuningdek, oʻtgan yilda Sudanda mamlakat armiyasi va boshqa kuchlar oʻrtasidagi kurash 1,5 million kishini qochqinga aylantirdi.

Isroilning Gʻazoni bombardimon qilishi Falastin aholisiga katta taʼsir koʻrsatgan. 2023-yilning oktyabridan buyon 1,7 million kishi, yaʼni aholining 75 foizidan ortigʻi Gʻazo sektorida koʻchirilgan.

Barcha qochqinlarning deyarli toʻrtdan uch qismi (72 foizi) beshta davlatga toʻgʻri keladi. Bular Afgʻoniston, Suriya, Venesuela, Ukraina va Falastin mamlakatlaridir. Eron va Pokistondagi qochqinlarning deyarli barchasi afgʻonlar boʻlsa, Turkiyadagi qochqinlarning aksariyati suriyaliklar. Germaniya qochqinlari koʻp boʻlmagan davlatlar bilan chegaradosh boʻlsada, qochoqlar koʻp yashaydigan yagona mezbon davlat. Ularning aksariyati ukrainaliklar (1,1 million), suriyaliklar (705,8 ming), afgʻonistonliklar (255,100 ming) va iroqliklar (146,5 ming) hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер