Soliq sohasida qanday yangiliklar kutilyapti?
Bugun soliq tizimida islohotlarni amalga oshirmay turib, ertangi kunimizni, farovon jamiyat qurishni tasavvur qilib boʻlmasligi kundek ravshanlashmoqda. Shu bois, mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida soliq tizimida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, oxirgi besh yilda soliq tizimini isloh qilishga qaratilgan bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Lekin shunga qaramay, hozirgi davr soliq qonunchiligi talablarini yanada soddalashtirishni taqozo etmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida bu haqda alohida taʼkidlandi. Deputatlar dastlab “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning asosida tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga keng sharoitlar yaratib berish, iqtisodiy faoliyatini soliqlar vositasida ragʻbatlantirish va davlatning iqtisodiy qudratini yuksaltirish yotadi.
Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi saylovoldi dasturida ham iqtisodiyot va xoʻjalik subyektlari uchun soliq yukini yanada kamaytirish, soliq stavkalarini uzoq muddat oʻzgarmasligini kafolatlash tadbirkorlardan soliq majburiyatini toʻliq bajarishni talab qilish bilan birga ularning manfaatlarini toʻla himoyalash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Shundan kelib chiqib fraksiya aʼzolari qonun loyihasini muhokama qilish davomida partiya pozitsiyasidan kelib chiqib loyihani yanada takomillashtirish boʻyicha bir qator takliflar berdi.
— Tadbirkorlik qancha rivojlansa va foyda koʻrsa, mamlakatga shuncha koʻp investitsiya kiritadi, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov. — Mamlakatimizda soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ham avvalo, tadbirkor boy boʻlsa davlat ham boy, aholi turmushi farovon boʻladi, degan yagona gʻoya mujassam. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi esa soliq tizimini takomillashtirish, shu asosda biznes muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy bazasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yigʻilishda koʻrib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Soliq va byudjet siyosatining 2023-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.
Deputatlar tomonidan aytib oʻtilganidek, mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda ularga teng raqobat sharoitlarni yaratish maqsadida soliq yukini pasaytirish va soliq qonunchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha choralar amalga oshirilmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasining maqsadi esa 2023-yilgi soliq siyosatini takomillashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, soliq maʼmurchiligi samaradorligini yanada oshirish va byudjetga soliqlarning toʻliq kelib tushishini taʼminlashdan iborat.
Mazkur hujjatning qabul qilinishi 2023-yil va keyingi yillar uchun Davlat byudjetini tayyorlashda nazarda tutilgan soliq siyosati choralarini amalga oshirish uchun zarur huquqiy sharoitlarni yaratilishiga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida fraksiya aʼzolari loyihadagi ayrim normalar yuzasidan asosli savollarni koʻtardi va oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Uzoq davom etgan savol-javoblar, tortishuvlardan soʻng qonun loyihasini maʼqulladi.
Yigʻilishda fraksiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring