Soliq kodeksining ayrim moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisi kun tartibidagi navbatdagi masala — “Soliqni hisoblab chiqarish tartibining ayrim qoidalari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham muhokamalar markazida boʻldi.
Ushbu qonun loyihasi bilan, Soliq kodeksining ayrim moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, Kodeksning 461 va 462-moddalariga oʻzgartirishlar kiritish orqali, tadbirkorlik subyektlarining boʻsh turgan binolari, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari shuningdek, qurilishi tugallanmagan obyektlariga nisbatan soliq stavkasini oshirish tarzidagi taʼsir choralari qoʻllanilmasligi munosabati bilan ushbu toifadagi soliq toʻlovchilarni majburiy tarzda qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻini toʻlashga oʻtkazish amaliyoti bekor qilinmoqda.
2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda esa elektrotexnika tarmoq korxonalarining ixtisoslashtirilgan markazlarining obyektlari va ular egallagan yer uchastkalari boʻyicha mol-mulk va yer soliqlarini hisoblangan summadan 1 foiz, ijtimoiy soliqni ham 1 foizli stavka boʻyicha toʻlashi nazarda tutilyapti.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan bir qator savollarni oʻrtaga tashlashdi. Loyihadagi ayrim normalar boʻyicha asosli takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi.
Qonun loyihasi qizgʻin muhokamalar, savol-javoblardan soʻng ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring