Soliq, byudjet va yer toʻgʻrisidagi qonunchilik normalari takomillashtirilmoqda
Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda “Soliq va byudjet qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va Byudjetnomani Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis palatalariga kiritish muddati aniq belgilanmoqda.
Byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida tumanlar va shaharlar hokimliklari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish boʻyicha maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytlari, shuningdek, “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirib borishi Byudjet kodeksida aks ettirilmoqda.
Shuningdek, Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasiga begʻaraz yordam doirasida kelgan tibbiy asbob-uskunalardan pullik xizmatlar koʻrsatish uchun foydalanish imkoni yaratilmoqda.
Bundan tashqari, byudjet tashkilotlariga ijaraga berilgan yer uchastkalaridan soliq undirish va toʻlash tartibini, foydalanilmayotgan binolar, ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalariga nisbatan tegishli soliqlarning oshirilgan stavkalarini qoʻllash tartibi bekor qilinmoqda.
Soʻngra Qoʻmita majlisi kun tartibidagi “Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham muhokama qilindi.
Muhokama etilayotgan ushbu Qonun ham olib borilayotgan islohotlarga hamohang boʻlib, oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi, yer ijarasi bilan bogʻliq munosabatlarni va xususiylashtirilgan yer uchastkalariga oid qoidalarni takomillashtirishga qaratilgan qator normalarni oʻz ichiga oladi.
Qonunda ijaraga olingan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari huquq va majburiyatlar bilan birga ijaraga beruvchining roziligi asosida boshqa shaxsga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron onlayn-auksion orqali olingan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlar boshqa shaxsga ijara muddatidan oshmagan muddatga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi koʻzda tutilgan.
Senatorlar Qonun bilan yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni taʼminlash, ularni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash maqsadida qonun hujjatlaridagi boʻshliqlar bartaraf etilayotganligi eʼtibor qaratishdi.
Xususan, ushbu koʻrib chiqilayotgan Qonunda oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi, yaʼni servitut belgilangan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda ham servitut saqlanib qolinishi, servitut oldi-sotdi, hadya, garov yoki ijaraning mustaqil predmeti boʻlishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Servitut belgilanishi yer egasini, yerdan foydalanuvchini, yer uchastkasining ijarachisi va mulkdorini ushbu yer uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqidan mahrum etilmasligi koʻzda tutilmoqda.
Muhokama yakuni boʻyicha koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring