Sizga taʼzimdamiz, hamshiralar!

09:59 12 May 2020 Jamiyat
6109 0

12-may — Xalqaro hamshiralar kuni!

“Kasallarga qarash – rassomlik va haykaltaroshlik kabi sanʼat. Parvarish qilish sanʼati eng oliy sanʼat hisoblanadi...”

Florens Naytingeyl, hamshiralik ishi asoschisi.

Har yili 12-mayda xalqaro hamshiralar kuni ( International Nurses Day ) nishonlanadi. Tarixdan maʼlumki, XI asrda Yevropada qizlar va ayollar jamiyati barpo etildi. Shu davrdan boshlab ular bemorlarni parvarish qilish bilan shugʻullana boshladilar. XIII asrda Yelizaveta Tyuringenskaya oʻz mablagʻi hisobiga shifoxona qurgach, hamshira kasbi joriy etila boshlanadi. 1348-yilda vabo kasalligi epidemiyasi davrida hamshiralar jamiyatda nechogʻli ulugʻ kasb ekanligi ayon boʻladi va ular alohida hurmatga munosib topiladi. Ularning xizmatlari butun dunyoda eʼtirof etila boshlanadi.

1617-yilda Fransiyada rohib Vikentiy Pol birinchi hamshiralar jamiyatini tashkil etdi. Luiza de Mariyak ismli ayol boshchiligidagi guruh aʼzolari esa hamshiralar uchun seminarlar tashkil etib, ularning kasb mahoratini oshira boshlagan. Qarabsizki, davrning oʻzi bu olijanob kasb egalariga boʻlgan ehtiyojni talab eta boshladi. Natijada 1641-yilda ilk hamshiralar maktabiga asos solindi. XIX asr oʻrtalariga kelib Yevropada 16 ming hamshira faoliyat koʻrsatgan.

Haqli savol tugʻiladi: Nima uchun hamshiralar kuni aynan 12-may kuni nishonlanadi? Axir yuqorida sanab oʻtilgan eng muhim sanalarning birortasi ushbu kunga taalluqli emas ekan-ku? Hamma gap shundaki, Florens Naytingeyl ismli ayol birinchi professional hamshira boʻlib, u aynan 12-may kuni tavallud topgan.

Oradan yillar oʻtgan sari ushbu kasb egalarining jamiyatdagi, tibbiyotdagi oʻrni va nufuzi orta boshladi. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish maqsadida 1912-yilda maxsus medal taʼsis etilgan. Dunyoning koʻplab mamlakatlarida hamshiralarga haykallar oʻrnatilganligidan ham bilsa boʻladiki, ular hamisha xalq eʼzozi va eʼtirofidadirlar.

Oʻzbekistonda ham oliy toifali bilimga ega hamshiralarning ilm dargohlariga asos solindi. 
Soʻnggi yillarda esa hamshiralarning patronaj harakati insonlarga mehr berishning eng maqbul yoʻli ekanligini, ushbu yoʻnalish bugun barcha davlat xizmatchisining asosiy quroliga aylanishi shart ekanligini hayotimizga kiritildi. Jumladan, 2018-yilda patronaj hamshiralar maoshi oshirildi.

Bemorlarning salomatligi bevosita hamshiralar faoliyatiga bogʻliq. Kasallikning oldini olishda ham ularning fidoyiligini alohida eʼtirof etmoq darkor. Nafaqat, tibbiy vositalar, dori-darmonlar va muolajalar bilan, balki xushxulqi va shirinsuxanligi bilan ming bir dardga darmon berguvchi hamshiralar ayniqsa, bugungi koronavirus pandemiyasi oʻz taʼsirini oʻtkazayotgan kunda nafaqat, fidoyiligini, shu bilan bir qatorda jonfidoligini ham amalda ifoda etmoqdalar. Ular oʻz oilasini, xalovatini, oromini bir chetga surib, kasallangan bemorlar salomatligi uchun qaygʻurmoqdalar. Oʻz salomatligini, hayotini xavf ostiga qoʻyayotganligini bilsa-da, birorta hamshira ishdan boʻshash toʻgʻrisida ariza yozmadi. Oʻz kasbiga boʻlgan mehr-muhabbat ifodasini bundan ortiq izohlashga hojat boʻlmasa kerak.

Mufazzalsho MUHAMMADIYEV,

Andijon viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi

matbuot xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер