Sizga ishonamiz, doktor

10:48 30 Iyul 2020 Jamiyat
757 0

Illyustrativ foto

— Tabib tabib emas, boshidan oʻtkazgan tabib, deyishgani bejiz emas, — deydi Qorovulbozor tumanida yashovchi muallima Roʻzigul Ahadova. —Bundan bir necha hafta muqaddam tobim qochdi. Kuchli bosh ogʻrigʻi, holsizlik, yoʻtal bezovta qila boshlagach, tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar boʻlimiga murojaat qildim. Shifokor tavsiyasiga koʻra, uyda davolana boshladim. Ammo vaqt oʻtgan sayin kasallik alomatlari kuchaydi. Meni darhol reanimatsiya boʻlimiga yotqizishdi.

Bunday paytda har qanday kishi sarosimaga tushishi, vahimaga berilishi tayin. Axir, Roʻzigulning ikki norasida farzandi bor.Hayotdan umidlari koʻp. Ana shunday chigal pallada shifokorlarning “Umidsizlikka berilmang. Yoningizda mana biz bor”, deyishlari bemorga kuch bagʻishladi. Vaqtida berilgan muolajalar xasta koʻngilga malham boʻldi. Xavf nihoyat, ortda qoldi. Roʻzigulga yana havodan toʻyib-toʻyib nafas olish baxti nasib etdi.

— Shifokorlar deyishganida koʻz oldimga najot farishtalari keladi,- deydi u. — Tuman tibbiyot birlashmasining Shahodat Karimova, Umid Qosimovdek tajribali vrachlari, Nasiba Geldiyeva, Mavjuda Otaniyozova, Maʼrifat Saidova singari jonkuyar hamshiralaridan bir umr minnatdorman. Oʻz hayotlarini xatarga qoʻyib koronavirus balosi bilan kurashayotgan bunday shifokorlarga ishonmay boʻladimi?!

Buxoro viloyatida el ishonchini qozongan ana shunday shifokorlar koʻp. Ularning fidokorona mehnati tufayli oʻnlab bemorlar sogʻayib, oilalari bagʻriga qaytmoqda. Oʻz navbatida tojdor virusdan tezroq xalos boʻlish maqsadida talab va ehtiyojning oshganidan kelib chiqqan holda viloyatdagi shifo oʻrinlari soni oshirilyapti. Maʼlumotlarga qaraganda, Buxoro muhandislik texnologiya instituti, Buxoro davlat universiteti yotoqxonalari, ”Semurgʻ”, “Yoshlik” sport majmualarida shunday oʻrinlar hozirlangan. Umumiy zaxira oʻrni 2375 taga yetkazilgan.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер