Siz-la hayot bardavom
Fargʻona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat Teatr-konsert saroyiga jam boʻlgan minglab xotin-qizlar timsolida ham ayol zotining mehnat va mashaqqatlar ichra koʻtarilgan qaddi, nafosat va hayoga oʻralgan muhtaram siymosi gavdalandi.
Tantanalar zaliga xushnud qadamlar bilan kirib kelayotgan nuroniy onaxonlar, millatimiz faxr-u iftixorlari boʻlgan fermer, pedagog, olima, sanʼatkor, shifokor, harbiy, iqtisodchi, tadbirkor, hunarmand ayollar va ona yurtning baxtli qizlari, dilbar opa-singillarimiz ehtirom ramzi –gullar bilan kutib olindi.
Saroy foyesida tashkil etilgan milliy koʻrgazma Fargʻona ayollarining mehnatsevarligi, nozik didi va mahoratidan soʻz ochdi.
Bayram tadbirini viloyat rahbari Sh. Gʻaniyev ochdi va tantanaga yigʻilganlar timsolida viloyatimizning barcha xotin-qizlarini goʻzal ayyom bilan qutladi.

Viloyat rahbari muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning fargʻonalik ayollarga bayram tabrigini yetkazar ekan, bugungi kunda xotin-qizlarimiz oʻzining bilim va tajribasi, yetakchilik va tashabbuskorlik salohiyati bilan jamiyatimizning yuqori mavqelarini egallab kelishayotgani, hayotimizda tobora katta oʻrin olayotgan fermerlik harakati, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tarmoqlar, ilm-u fan, tibbiyot, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat kabi oʻnlab muhim sohalarda xotin-qizlar faolligi oshib borayotganligini alohida taʼkidladi, ayniqsa, respublikamiz Parlamentida fargʻonalik ayollarning son va salmogʻi yuqori ekanligi faxr bilan tilga oldi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarga yuksak hurmat-ehtirom koʻrsatish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, fidokorona va samarali mehnatini ragʻbatlantirish maqsadida taʼsis etilgan “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bu yil ham oʻzining munosib sohibalarini topdi. Ushbu yuksak eʼtirofga sazovor boʻlgan Larisa Denisova, Zebixon Rustamova, Mavjuda Xursanova, Yulduzxon Olimova, Yorqinoy Ergasheva, Masturaxon Ziyayeva singari 21 nafar fargʻonalik ayollarga ushbu koʻkrak nishoni tantanali topshirildi.
-Ushbu mukofot men orqali barcha fargʻonalik olima ayollarimizga berildi, -deydi Fargʻona davlat universiteti tuproqshunoslik kafedrasi professori Sanoatxon Zokirova. -Xotin-qizlarning ilm-fan rivoji yoʻlidagi izlanishlarini qadrlayotgan yurtimizga, Yurtboshimizga rahmat.

Viloyat hokimligi tomonidan barcha tuman — shaharlarlagi eng ilgʻor, namunali, tashabbuskor va tadbirkor xotin-qizlar, faol va ibratli oilalarni aniqlash maqsadida tashkil etilgan koʻrik-tanlovning 15 ta nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblar nomi eʼtirof etildi, ularga viloyat hokimligining diplom va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.
- Oilada uch oʻgʻilni el koriga yaraydigan insonlar etib kamolga yetkazdik, — deydi tanlovning“Eng namunali shifokorlar oilasi ” nominatsiyasi gʻolibi, Yozyovon tumani tibbiyot birlashmasi shifokori, oliy toifali akusher-ginekolog Mavluda Fayzullayeva. –Turmush oʻrtogʻim ham shifokor-anesteziolog. Oʻzaro mehr-oqibat, ilmga hurmat, elga xizmat, davlat va yurt ishiga sidqidildan bel bogʻlash oilamizning qutlugʻ shiori. Bugungi ragʻbat esa bizni yana-da ibratli va fidoyi boʻlishga undadi.
Sanʼat ustalari, xonanda va yosh ijrochilar ishtirokidagi badiiy-musiqiy dastur namoyish etilib, goʻzallik bayrami shukuhi yana-da ortdi.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring