Sirdaryolik oʻquvchilar Navoiy gʻazallari mohiyatini anglashga intilishmoqda

15:42 08 Fevral 2024 Jamiyat
374 0

Mir Alisher Navoiy tavalludining 583-yilligi munosabati bilan Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida tashkil etilgan bayram tadbirida mazkur taʼlim muassasasining bir guruh oʻquvchilari ulugʻ shoirimiz gʻazallariga bastalangan qoʻshiqlarni Sirdaryo viloyati maqom ansambli sanʼatkorlari bilan birga ijro etishdi.

Gap shundaki, ushbu maktabda koʻplab ijodiy toʻgaraklar boʻlib, oʻquvchilar ularda sanʼatning musiqa, aktyorlik, sozandalik, raqs kabi yoʻnalishlari boʻyicha sohaning professional va taniqli vakillaridan saboq oladilar.

— Oʻquvchilarimizning Alisher Navoiy ijodini yanada chuqur oʻqib-oʻrganishlarida maqom sanʼati muhim ahamiyatga ega, — deydi ijod maktabi ona tili va adabiyot oʻqituvchisi, Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi Mohidil Ziyayeva. — Umuman, maktabimizda buyuk shoirimiz hayoti va ijodi mavzusidagi saboqlar doimiy boʻlib, bunda ayni nazm va navo shaklidagi tadbir hamda mashgʻulotlar yaxshi samara bermoqda. Shu bilan birga oʻquvchilarimiz gʻazallarni shunchaki emas, mazmun-mohiyatini chuqur tushungan holda yod olishmoqda. Yaʼni bunda Navoiy asarlarining lugʻatidan foydalanishmoqda. Natijada oʻzlari ham gʻazalu baytlarni mazmunan tabdil va tahlil qilishni oʻrganishmoqda. Qolaversa, bu borada navoiyshunos olimlar ham taklif etilib, ular tomonidan mahorat darslari oʻtkazilmoqda.

Eʼtirof etish kerakki, bugun Halima Xudoyberdiyeva nomli ijod maktabida ulugʻ shoirimizning qutlugʻ tavallud sanasi yoshlar tomonidan Navoiy gʻazallarini tahlil qilish, mohiyatini anglash va maʼnosini izlash asosida keng nishonlamoqda.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер