Sirdaryoga Germaniyadan laparoskopiya uskunalari keltirildi
Foto: Xalq so‘zi
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo filiali hamda Guliston, Boyovut va Oqoltin, Sirdayo tumanlari tibbiyot birlashmalarining tez yordam boʻlimlariga Germaniyaning “KARL STORZ SE & Co. KG” kompaniyasida ishlab chiqarilgan eng soʻnggi rusumdagi laparoskopiya apparatlari keltirildi.
— “Tez tibbiy yordamni rivojlantirish” jamgʻarmasi hisobidan keltirilgan ushbu apparatlarning afzalliklari nihoyatda koʻp, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo filiali bosh shifokori, jarroh Sharof Soatmurodov. — Bemor tanasini imkon qadar kichik oʻlchamda kesgan holda katta hajmdagi jarrohlik amaliyotini kam vaqt va kam xarajat bilan samarali bajarish mumkin. Bunda ogʻriq minimal darajaga tushiriladi, bemor tezroq sogʻayadi va, eng asosiysi, davolashda yuqori samaraga erishiladi. Eʼtiborlisi, hozir bunday amaliyotlar juda kichik yoshdagi bolalarda ham oʻtkazilyapti. Eng muhimi, koʻkrak qafasi, qorin boʻshligʻidagi tugʻma nuqsonlar kam invaziv va samarador boʻlgan torokoskopik, laproskopik usullarda, qorin yoki koʻkrak qafasini ochmasdan bartaraf etilyapti.

Mazkur jihozlarning narxi ancha qimmat. Har birining qiymati 1 milliard 965 million soʻmdan oshiq. Bunday apparatlardan 5 tasi Sirdaryoga keltirildi. Muhimi, ushbu apparatlar yordamida koʻkrak qafasi va qorin boʻshligʻi aʼzolari oʻtkir kasalliklarida endoxirurgik, ginekologik, bachadondan tashqari homiladorlik, tuxumdon kistasi tashxisi bilan ogʻrigan bemorlarda jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilyapti.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring