Sirdaryo viloyati hokimi otalar uchun majlis oʻtkazdi
Maktablarda “Ota-onalar majlisi” deb aytilsada, odatda unda asosan onalar ishtirok etardi. Zero, farzandining oʻqishi, axloqidan otaning ham bevosita xabardor boʻlishi maktab va oila oʻrtasidagi uzviy aloqani mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Yaqinda Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev ishtirokida oʻtkazilgan “Otalar majlisi”dan koʻzlangan maqsad ham aslida ularni farzand tarbiyasiga koʻproq jalb qilishga qaratilgan edi.
Unda viloyatdagi barcha umumtaʼlim maktablari yuqori sinf oʻquvchilarining otalari qatnashdi. Videokonferensaloqa shaklida oʻtgan tadbir mavzusi otalarning farzandlari taʼlim-tarbiyasidagi rolini yanada oshirish, bunda ularni maktab hayotiga faol jalb qilishga qaratildi.
— Mening egizak farzandlarim – Fotima va Husan tumanimizdagi 13-maktab bitiruvchilari, — deydi Mirzaobod tumanidagi Oqoltin mahallasida yashovchi Farhod Sotvoldiyev. — Rosti, shu vaqtgacha boʻlgan ota-onalar majlisida juda kam qatnashganman. Bunday tadbirlarga asosan turmush oʻrtogʻim borardi. Shu oʻrinda aytishim kerakki, “Otalar majlisi” tashkil etilgani juda yaxshi boʻldi va bu, otalarning maktabda oʻqiyotgan farzandlarining taʼlim-tarbiyasiga yanada masʼuliyat bilan yondashishlariga xizmat qiladi. Qolaversa, “Otalar majlisi” “Maktab — ota — ona — mahalla” hamkorligini yanada mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega deb oʻylayman.
Sirdaryo viloyatida oʻtkazilgan “Otalar majlisi”da 20 472 nafar ota ishtirok etdi va mazkur tadbirni muntazam oʻtkazib borish belgilab olindi.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring