Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Qonlikoʻl tumanida ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha uchrashuvlar oʻtkazdi

12:43 02 Mart 2026 Jamiyat
289 0

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 23–24-fevral kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqqa muvofiq, mamlakatimiz viloyatlari Orolboʻyi hududlariga biriktirilgan. Jumladan, Sirdaryo viloyati Qonlikoʻl tumaniga biriktirilgan.

Ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiya Qonlikoʻl tumanida boʻlib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Safardan koʻzlangan asosiy maqsad tumanni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashishdan iborat boʻldi. Delegatsiya aʼzolari qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish sohasi va infratuzilmani takomillashtirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, ijtimoiy obyektlarni taʼmirlash, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqildi.

Tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqot davomida oilaviy biznesni kengaytirish, qayta ishlash quvvatlarini tashkil etish orqali qoʻshimcha daromad manbalarini yaratish yuzasidan amaliy rejalar belgilab olindi. Mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Safar doirasida muborak Ramazon oyi munosabati bilan Qonlikoʻl tumanida iftorlik dasturxoni ham tashkil etildi. Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ramazon oyini munosib oʻtkazish, ehtiyojmand aholini qoʻllab-quvvatlash va saxovat anʼanalarini kengaytirishga qaratilgan tashabbusi asosida oʻtkazildi. Iftorlikda nuroniylar, ehtiyojmand oilalar, jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etib, duo va ezgu tilaklar bildirildi.

Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер