Shunday yashar odatda odam...

17:04 11 Mart 2022 Jamiyat
1028 0

Foto: Халқ сўзи

2021-yilning oktyabr oyi. Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik qizgʻin pallaga kirgan. Xuddi oʻsha kunlari 5-Navoiy okrug saylov komissiyasiga kutilmaganda niderlandiyalik xalqaro kuzatuvchi kelib qoldi (keyinchalik maʼlum boʻlishicha, u shu atrofdagi mehmonxonaga joylashgan, kechki sayrga chiqib, shunchaki birrovga kirgan ekan).

Tarjimon izlab devor-darmiyon qoʻshni bino - Prezident maktabiga oʻtdik. Navbatchi oʻqituvchi vaziyatni tushunib, maktabning 9-sinfida oʻqiyotgan Humoyun Jabborov bilan uchrashtirdi.

Xalqaro kuzatuvchi ingliz tilida biyron soʻzlayotgan Humoyunni obdon savolga tutdi. Humoyun unga asli Navbahor tumanining Gʻujbogʻ qishlogʻidan ekanligi, Navoiy shahridagi 1-umumtaʼlim maktabida oʻqigani, oʻtgan yili viloyatdagi 6 ming nafar oʻquvchi-yoshlar qatorida Prezident maktabiga kirish uchun test sinovlarini topshirgani va 144 nafar yoshlar safida oʻqishga qabul qilingani haqida soʻzlab berdi.

— Men oʻqigan maktab va qishlogʻimiz orasi qariyb yigirma kilometr, ikkinchi sinfdaligimdan oʻqishga oʻzim mustaqil qatnaganman. Shahardagi Yoshlar markazida ochilgan informatika va ingliz tili toʻgaraklariga qatnadim. Oʻqib-oʻrganganlarim qoʻl kelib, 2019-yili matematika yoʻnalishiga ixtisoslashgan Qorakoʻl maktabining Navoiy filialiga test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirdim, — deya javob qildi Humoyun oʻshanda.

Kuzatuvchi uni tinglarkan, yelkasiga qoqib, inglizchada “Person should live like this” (“Inson shunday yashashi kerak”) dedi havas bilan.

Ushbu voqea Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati boʻlimi tashabbusi bilan Navoiy shahridagi Prezident maktabiga OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-tur sabab yodga tushdi.

Humoyunni maktabning biologiya laboratoriyasida uchratdik. U fan olimpiadasiga tayyorgarlik koʻrayotgan ekan.

— Matematika va informatikadan anchagina bilim olgan boʻlsamda, ushbu maktabga qabul qilingach, yoʻnalishimni biologiyaga oʻzgartirdim, — dedi Humoyun oʻz qarorini izohlab. — Sababi, pandemiya respublikamizda biologiya fani, umuman, tibbiyotning virusologiya yoʻnalishida izlanish va tadqiqotlarni talab darajasida rivojlantirish kerakligini koʻrsatdi. Nasib etsa, taʼlim dargohimizda biz uchun yaratilgan sharoitlarga oʻz muvaffaqiyatlarimiz bilan javob beramiz.

Maktabda chindan ham yoshlarni har tomonlama yetuk - intellektual salohiyatli, oʻz qatʼiy pozitsiyasiga ega, amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq boʻlmagan, yurtning kelajagi uchun daxldorlik hissi kuchli, maqsad sari intiluvchan shaxslar sifatida tarbiyalash uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

Tadbirda ishtirok etgan jurnalistlar ushbu sharoitlardan ham koʻra bu yerda yoʻlga qoʻyilgan zamonaviy taʼlimning mazmun-mohiyati, ayniqsa, oʻquvchi-yoshlarning qiziqishlari va hayotiy nuqtayi nazarlariga koʻproq eʼtibor qaratishdi. Zero, kishida, eng avvalo, yuksak marralar va unga erishish yoʻlida iroda boʻlmogʻi joiz. Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov yozganiday, shunday yashar odatda odam...

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер