“Shubhali” deb topilgan soliq operatsiyalarini bartaraf etish uchun qanday choralar ko'rilmoqda?

11:09 27 Fevral 2021 Iqtisodiyot
1526 0

Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovlarini noqonuniy ravishda kamaytirish va “shubhali” operatsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham ushbu masalaga befarq boʻlmadi. Xususan, kuni kecha parlament quyi palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) toʻlovlarini noqonuniy ravishda kamaytirgan va “shubhali” operatsiyalarni amalga oshirgan tadbirkorlik subyektlari boʻyicha Davlat soliq qoʻmitasi raisining axboroti eshitildi.

Tadbirda Davlat soliq qoʻmitasi vakillarining taʼkidlashicha, ushbu aniqlangan holatlarni yangi joriy etilgan inson omilisiz shakllangan “Tahlika-tahlil” avtomatlashtirilgan dastur asosida soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash orqali shubhali korxonalar “Bir kunlik firmalar” yoki «Naqdlashtiruvchi firmalar» roʻyxati aniqlangan. Ular qayta kameral soliq tekshiruvlaridan oʻtkazilib, natijasi soliq qoʻmitasining rasmiy saytlarida yoritilgan.

Shuningdek, reyestrga kiritilgan shubhali korxonalar bilan operatsiyalarni amalga oshirgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning murojaatlariga tezkorlik bilan javob berish maqsadida Davlat soliq qoʻmitasi va barcha hududiy davlat soliq boshqarmalarida masʼul mutaxassislardan iborat Ishchi guruhi tashkil etilgan. Bugungi kunda Ishchi guruh aʼzolari tadbirkorlar bilan individual tartibda suhbat olib borib, masalalarga qonuniy yechim topmoqda.

Shu kungacha aniqlangan holatlar (dastlab 396 ta tadbirkorlik subyekti va ular bilan munosabatda boʻlgan 206 ta davlat korxonasi) boʻyicha soliq kodeksining 14-, 15- va 266-moddalariga muvofiq tegishli choralar koʻrilgan. Kameral tekshiruvlari oʻtkazilgan soliq toʻlovchilarning 95,1 foizida shubhali operatsiyalar oʻz tasdigʻini topgan.

Qoʻmita eshituvida deputatlar asosiy eʼtiborni QQS toʻlovlarini noqonuniy ravishda kamaytirish maqsadida “shubhali” operatsiyalarni amalga oshirgan, deb topilgan tadbirkorlik subyektlarining eʼtiroziga sabab boʻlayotgan omillarga qaratdi.

Bunda deputatlar tadbirkorlik subyektlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan noqonuniy xatti-harakatlariga nisbatan jazo qoʻllashdan oldin, ularni keltirib chiqarayotgan sabablarga eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi. Yaʼni, tadbirkorlar QQS toʻlovini toʻlashdan noqonuniy yoʻllar bilan aylanib oʻtmasdan, balki soliqlarni toʻlashdan manfaatdor boʻlish mexanizmlarini ishlab chiqish takliflarini berdi.

Davlat soliq qoʻmitasining bergan axborotiga koʻra, bugungi kunda mamlakatimizning yalpi ichki mahsulotiga nisbatan yashirin iqtisodiyot 50 foiz atrofida. Buning kelib chiqish sabablari juda koʻp, ayrimlari esa tizimli xarakterga ega ekanligi axborotda taʼkidlab oʻtildi. Bundan tashqari, soliq tizimiga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda boʻshliqlar mavjudligi ham shu kabi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Deputatlar shuningdek, soliq siyosatini amalga oshirish borasida vakolatli davlat organlari tomonidan soliq toʻlash madaniyatini oshirib borishning tizimli choralarini yetarli darajada tashkil etish lozimligi taʼkidlandi. Soliq madaniyatini oshirishda targʻibot-tashviqot ishlari doimiy ravishda olib borilsa, yaxshi natija beradi. Lekin ularning samara berishi uzoq vaqtni talab etadi. Shu oʻrinda qonunlarni hurmat qilish va ularga amal qilishni talab etish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish lozimligi deputatlar tomonidan taʼkidlandi.

Xoʻsh, bu boʻyicha xorij tajribasi qanday, soliqlarni toʻlash boʻyicha noqonuniy xatti-harakatlarga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan rivojlangan davlatlarda qanday choralar koʻrish belgilangan? Masalan, AQSHda soliq toʻlashdan boʻyin tovlagan har qanday shaxs jinoyat sodir etishda javobgar hisoblanadi. Sud qaroriga asosan aybdor, deb topilgan jismoniy shaxslarga 100 ming AQSH dollarigacha, yuridik shaxslarga 500 ming dollardan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish choralari qoʻllaniladi.

Buyuk Britaniyada esa bunday qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, agarda yuridik shaxs boʻlsa barcha mol-mulki musodara qilinishi belgilangan. Xitoy Xalq Respublikasida xufiyona iqtisodiyot bilan shugʻullangan korxonalar rahbariga nisbatan 14 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki 5 million AQSH dollari miqdorida jarima jazosi qoʻllanilishi belgilangan. Avstraliyada esa 20 ming dollardan kam soliqlarni yashirgan tashkilot rahbarlariga nisbatan yashirilgan summaning 10 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilishi belgilangan. Agar yashirilgan soliq summasi 100 ming dollardan ortiq boʻlsa, tashkilot rahbariga 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilishi belgilangan.

Tadbirda deputatlar tomonidan insofli, halol soliq toʻlovchilarni ragʻbatlantirish, yashirin faoliyat yuritayotganlarni qonuniy faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish, fuqarolarimiz soliqdan qochish emas, balki uni vaqtida toʻlashdan manfaatdor boʻlishini taʼminlovchi va ragʻbatlantiruvchi iqtisodiy mexanizmlarni amalga oshirish borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida mutaxassis, amaliyotchi va ekspertlarni jalb qilgan holda mazkur masalalarni koʻrib chiqish taklifi berildi. Bu borada yaqin kunlarda Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi tomonidan maxsus seminar tashkil qilishga kelishib olindi.

Jamshid QOSIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер