“Shovona”ning yoʻllari ravon boʻlmoqda
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Qoʻshrabot tumaniga olib boradigan “Mitan—Qoʻshrabot—Nurota” avtomobil yoʻlining uzunligi 75 kilometrni tashkil etadi. Hozirda mazkur yoʻlda transport harakati ortib bormoqda.
Joriy yilda respublika byudjetidan ajratilgan 4,5 milliard mablagʻ hisobidan mazkur yoʻlning Shovona mahallasi hududidagi taʼmirtalab 9-15 kilometr qismi tekislanib, asfalt qilinmoqda.

— Har yili yoʻl qisman yamalaverganidan haydovchilar, yoʻlovchilardan murojaatlar koʻpayib ketgandi, — deydi Qoʻshrabot tuman yoʻllardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi boʻlim boshligʻi Ismoil Xidirov. — Davlat dasturiga asosan mazkur avtomobil yoʻlining eni 7 metrdan 9 metrgacha kengaytirilmoqda. Hozirgacha rejadagi 6 kilometr yoʻlning 2 kilometrida asfaltlash ishlari yakunlandi. Ishchilar tomonidan kuniga 250-300 metr masofada 3 qavat tosh, sheben va bitum tashlanib asfaltlanmoqda.
Yoʻlning bir tomonidan piyodalar yoʻlagi ham qurilmoqda. Hududdagi noqonuniy qurilmalar olib tashlanib, savdo-sotiq doʻkonlari va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari tartibga solinmoqda.

Quvonarlisi, yaqinda tumandagi Doʻstlik mahallasida asfalt ishlab chiqarish korxonasi faoliyat boshladi. Ayni paytda korxonada kuniga oʻrtacha 500-600 tonna asfalt ishlab chiqarilmoqda. Natijada, asfalt qoʻshni Ishtixon, Payariq tumanlari yoʻlsozlariga ham yetkazib berilmoqda.
Ushbu avtomobil yoʻlining taʼmirlash ishlarini shu yilning sentyabr oyida yakuniga yetkazish rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring