Shifokorlar oqoltinlik ayolga bebaho sovgʻa tortiq qildilar

16:47 28 Dekabr 2022 Jamiyat
757 0

Foto: Xalq so‘zi

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida yashovchi Gulsara Artikova uchun oʻtayotgan yil unutilmas boʻldi.

U soʻnggi vaqtlarda chor-atrofni ravshan koʻrmay qolgandi. “Tibbiyotdagi islohotlar—inson qadri uchun” ezgu tamoyili asosida Sirdaryoda oʻtkazilgan “Salomatlik” aksiyasi doirasida tashkil etilgan tibbiy koʻrik “Yangi davr” mahallasida istiqomat qilayotgan yolgʻiz ayol - Gulsara opaga ham quvonch keltirdi.

Qoʻni-qoʻshnilari, mahalla fuqarolar yigʻini xodimlarining maslahati va yordami tufayli u Oqoltin tumanida tashkil etilgan navbatdagi tibbiy koʻrikka bordi.

Malakali oftalmologlar bemor koʻzi bilan bogʻliq muammoni oʻrganib chiqishdi. Va koʻz gavhari bilan bogʻliq yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti oʻtkazilmasa, chor-atrofni zoʻrgʻa koʻrib turgan ayol koʻzlari butunlay koʻrmay qolishi mumkinligini aytib, unga Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filialiga imtiyozli yoʻllanma berishdi.

Sirdaryolik mashhur oftalmolog, “El - yurt hurmati” ordeni sohibi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi Rasul Karimov boshchiligidagi shifokorlar yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini oʻtkazishdi. Xarajatlar esa Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hisobidan qoplab berildi. Shunday qilib, Gulsara opaning koʻziga nur, qalbiga quvonch qaytdi.

— Qoʻni-qoʻshnilarim, mahalla faollari va shifokorlarga rahmat, — deydi G. Artikova. — Inson uchun eng birinchi galda koʻz kerakligini, usiz borliqni koʻrmay qolish juda azob ekanini chuqur angladim. Tibbiy koʻrikka, shifoxonaga borgunimga qadar kunduzlarim qorongʻi, zimiston edi. Yaxshi insonlar yordami bilan dunyoni yanada charogʻon koʻryapman.

Maʼlumot uchun. 2022-yilda Sirdaryo viloyatida yurak-qon tomir, tayanch -harakat va boshqa aʼzolar bilan bogʻliq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga muhtoj boʻlgan 400 dan oshiq fuqarolarda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hisobidan jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.

Gʻulom PRIMOV, jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер