Sharifa 23 yil deganda «metrka» oldi
Odam hayotda koʻplab sinovlarga yuzma-yuz keladi. Baʼzida oʻzi bilgan va bilmagan holda xatoliklarga yoʻl qoʻyadi. Aksariyat hollarda qilingan xato va kamchiliklarni tuzatish qiyin kechadi.Oʻz vaqtida hal etilishi mumkin boʻlgan muammo esa yillar oʻtib, koʻp vaqt talab etadigan yumishga aylanishi shubhasiz.
Uchqoʻrgʻonlik Sharifa Begmatova 1997-yilning 9-noyabr sanasida dunyoga kelgan. Oʻsha paytda uning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi nomaʼlum sabablarga koʻra olinmagan. Oradan yillar oʻtib, yaʼni Sharifa balogʻat yoshiga yetganda shaxsni tasdiqlovchi hujjat olish zarurati tugʻiladi. U birinchi bor 2015-yil tuman FHDYO boʻlimiga murojaat qiladi. Lekin masala FHDYOda emas balki, fuqarolik sudida hal qilinishi unga tushuntirib oʻtiladi. Hech bir hujjatsiz 18 yoshni qarshilagan fuqaro sudga ariza bilan murojaat qiladi. Uning arizasi tegishli tartibda koʻrib chiqilib, bir necha idoralardan maʼlumotlar olib kelinishi aytiladi. Ammo, yugur-yugurga ketadigan mablagʻi yoʻqligi bois, shu kungacha tugʻilganlik haqidagi guvohnomasiz yashab keladi. Oʻtgan vaqt mobaynida turmushga chiqqan Sharifa farzandining taqdiri ham xuddi oʻzinikidek boʻlishidan xavotir olib, tuman FHDYO boʻlimiga yana murojaat qiladi. Uning baxtiga fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga asosan 16 yoshdan katta boʻlganlarga ham tugʻilganlik guvohnomasi sud aralashuvisiz berilayotgani ayni muddao boʻldi.
Endi u shaxsini tasdiqlovchi fuqarolik pasportiga ega boʻlgandan soʻng farzandiga ham tugʻilganlik haqidagi guvohnomani olish imkoniyati yaratiladi.
— Toʻgʻrisi, tugʻilganlik guvohnomasini olish men uchun juda mushkul yumush sanalgan. Qariyb besh yildan buyon koʻplab idoralar eshigini taqillatdim. Bormagan joyim qolmadi. Sud tartibida olishim uchun zaruriy hujjatlarni jamlagan boʻlsam-da ayrim toʻlovlarga moliyaviy jihatdan qoʻlim kaltalik qildi. Hozir juda ham hayajondaman. Ortda qolgan 23 yil davomida shaxsni tasdiqlovchi biror bir hujjatim yoʻqligi meni doimo tashvishga solib kelgan. Uchqoʻrgʻon FHDYO boʻlimi xodimlariga rahmat! Qisqa fursatlarda meni murojaatimni ijobiy hal qilib berishdi,-deydi Sharifa Begmatova.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring