Shaharsozlik kodeksiga qanday oʻzgartirishlar kiritilmoqda?
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida “Shaharsozlik faoliyati sohasidagi maʼmuriy tartib-taomillarning takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.
Maʼlumotlarga koʻra, keyingi vaqtlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qurilish sohasidagi maʼmuriy tartib-taomillarga zid ravishda koʻp holatda qurilishga ruxsat berish, rekonstruksiya qilish, vaqtinchalik bino-inshootlar qurishga ruxsat berish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilingan.
Shuningdek, qonunchilikka nomuvofiq tarzda yer uchastkasi ajratish holatlari ham uchramoqda. Normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar va ziddiyatlarni bartaraf etish hamda huquqni qoʻllash amaliyotini izchil va bir hilda taʼminlash zarurati Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga oʻzgartirishlar kiritishni taqozo etmoqda.
Mazkur hujjat bilan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qurilish sohasiga oid ularga xos boʻlmagan ayrim vakolatlari tugatilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi arxitektura va qurilish sohasidagi davlat xizmatlarini koʻrsatish borasida amaliyotda kuzatilayotgan mavjud muammolarni, normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklarni va ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Fraksiya aʼzolari tomonidan muhokamalar jarayonida mazkur loyihaning muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etilib, qurilish va rekonstruksiya qilishga ruxsat berish tegishli tashkilotlar, mutaxassislarning xulosasiga binoan amalga oshirilishi har tomonlama maqsadga muvofiq boʻlishini taʼkidladilar.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib bir qator takliflar berishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring