Senator boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Surxondaryoda ijtimoiy masalalar oʻrganildi
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Surxondaryo viloyatining Oltinsoy, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon va Jarqoʻrgʻon tumanlarida aholini oʻylantirayotgan dolzarb ijtimoiy muammolar joyiga chiqqan holda oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, tomorqalar infratuzilmasini rivojlantirish, mahallalarda jamoat xavfsizligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, yoʻl va kommunal infratuzilma holati, tibbiy va taʼlim xizmatlaridan foydalanish imkoniyati hamda aholi bandligini oshirish kabi masalalar ham diqqat markazida boʻldi. Shu bilan birga, fuqarolarning murojaatlari ham koʻrib chiqildi, masʼul idoralarga tegishli koʻrsatmalar berildi va aniqlangan muammolarni tezkor hal qilish boʻyicha aniq choralar belgilab olindi.
Ishchi guruh, shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamda homiylar koʻmagida Oltinsoy tumani “Toʻxtamish” mahallasida barpo etilgan zamonaviy koʻprikning ochilish marosimida ham ishtirok etdi.
Tadbir davomida senator mahallalarda “xavfsiz hudud” tamoyilini toʻliq joriy etish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarning jamoat xavfsizligini taʼminlashdagi ishtirokini kuchaytirish masalalariga alohida urgʻu berdi.
Ishchi guruh tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar asosida jinoyatchilikni qisqartirish, aholi turmush darajasini oshirish hamda xavfsiz yashash muhitini shakllantirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring