Senator Bektemir tumanida aholi xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrgandi
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbiddin Burxanov hamda Bosh prokuror oʻrinbosari – harbiy prokuror Otabek Xolboyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent shahri Bektemir tumanida aholi xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Oʻrganish jarayonida Bektemir tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida (IIO FMB) jamoat tartibini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar holati tahlil qilindi.
Shuningdek, tumandagi mahallalarda, jumladan, “Oltintopgan” mahallasida xavfsiz muhitni shakllantirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻzdan kechirildi. Mahallalarda videokuzatuv kameralari, domofon tizimlari hamda “tashvish tugmalari” oʻrnatilishi holati va mavjud muammolar oʻrganildi.
“Mahalla yettiligi”, profilaktika inspektorlari va boshqa masʼul xodimlarning faoliyat natijalari muhokama qilinib, aholi xavfsizligini taʼminlashda tizimli yondashuvni yanada kuchaytirish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.
Tashrif yakunida Bektemir tumani IIO FMBda yigʻilish oʻtkazilib, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring