Senati Raisi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi
Har qanday mamlakat va jamiyatning taraqqiyoti va madaniy darajasi xotin-qizlarga boʻlgan munosabat bilan belgilanadi. Shu jihatdan Oʻzbekistonda bu yoʻnalishda tizimli va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimizda oʻz ishini davom ettirayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ushbu masalaga eʼtibor qaratildi.
Forum doirasida “Kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirishda ayollarning oʻrnini mustahkamlash” mavzusida oʻtkazilgan tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva mamlakat iqtisodiyotida xotin-qizlarning ulushi ortib borayotganiga alohida eʼtibor qaratdi.
— Bugungi nufuzli forumda faol va ishbilarmon ayollarimiz ham ishtirok etayotgani juda quvonarli, — dedi T.Narbayeva. — Bu xotin-qizlarning jamiyat hayotida muhim oʻrin tutayotgani, iqtisodiyot rivojiga hissa qoʻshayotganining yaqqol isbotidir. Haqiqatan, ayollarga ojiza deb qarashdek stereotiplar bugungi kunda barham topmoqda, muhimi ularning oʻziga boʻlgan ishonchi ortmoqda. Ular turli jabhalarda faol mehnat qilish bilan birga nufuzli soha va yoʻnalishlarda asosiy rol oʻynamoqda, rahbarlik lavozimlarini egallab, faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Gender tenglikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish boʻyicha yaratilgan zarur imkoniyatlar bunga keng yoʻl ochdi.
Taʼkidlash joiz, Oʻzbekistonda parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga yetdi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 48 foizga, oliy taʼlimda 49 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi. Bugungi kunda mamlakatimizda vazir, hokim, elchi, rektor, shuningdek huquq-tartibot organlarida ham rahbarlik lavozimlarida ayollar faoliyat yuritmoqda.
Xotin-qizlarning taʼlim olishi, bilim darajasini, malakasini oshirishga eʼtibor kuchaytirildi. Natijada qizlar, ayollar zamonaviy bilim va hunarlarni egallash, jumladan, zamonaviy axborot texnologiyalarini boshqarish layoqatiga ega boʻlmoqda.
— Maktabgacha taʼlim tizimiga oʻgʻil-qizlarni qamrab olish darajasi bugungi kunda 80 foizga yetdi, — dedi Senat Raisi. —Ilgari bu bor-yoʻgʻi 17 foizni tashkil etgan. Demak, qizlarimiz bogʻcha yoshidan boshlab bilim, tarbiya oladi. Bu maktabda, keyinchalik oliy oʻquv yurtlarida davom etadi. Gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan dasturda bu koʻzda tutilgan edi va bu borada salmoqli natijaga erishildi. Eʼtiborlisi, gender tenglik prinsiplari yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham belgilanmoqda va bu davlat tomonidan ayollarga boʻlgan alohida eʼtiborni koʻrsatadi va, oʻz navbatida, ayollarning davlat va ijtimoiy hayotdagi rolini oshirib, ularning oʻz imkoniyatlarini namoyon qilishiga xizmat qiladi.
Maʼlumki, 2020-yildan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila qizlariga oliy taʼlimga oʻqishga kirish uchun kvotalar joriy etildi. 2022-2023-oʻquv yilidan oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda oʻqiyotgan xotin-qizlarning taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun foizsiz taʼlim kreditlari joriy qilindi. Magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning shartnoma toʻlovlarini davlat hisobidan qoplash tartibi belgilandi. Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning taʼlim shartnomalarini mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplash tartibi joriy qilindi.
— Yutuqlar zamirida nafaqat yaratilayotgan imkoniyatlar, balki ayollarimizning intilishi va oʻzlariga boʻlgan ishonchi mujassam va bu mustahkam boʻlishi kerak, — dedi Senat Raisi. — Oldimizga qoʻygan maqsad va rejalarimizni amalga oshirishda, albatta, ularni mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish ham muhim oʻrin tutdi. Bu borada bizga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, jurnalistlar, blogerlar yaqindan koʻmak koʻrsatayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlab oʻtmoqchiman. Ammo hali qilinadigan ishlarimiz ham juda koʻp. Ezgu maqsadimiz ayollar faolligini oshirish orqali ularning oilalari obodligi, barqarorligi, pirovardida, jamiyat ravnaqini taʼminlashdir.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan muhokamalar davomida qizlarga biznes, davlat va jamiyatni boshqarish vakolatiga ega boʻlgan faol shaxs sifatida oʻsishiga koʻmaklashish, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida oʻqiyotgan qizlar sonini koʻpaytirish, ularga kengroq imkoniyat berish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, kichik va oʻrta biznesni boshlashda ayollar duch kelayotgan toʻsiqlar, ularni bartaraf etish hamda turmush darajasini yaxshilash, nafaqat biznesdagi ayollar sonini, balki ayollar boshchiligidagi biznes turlarini koʻpaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring