Senatda “Oʻzbekiston – Fransiya” birinchi parlamentlararo forumi boʻlib oʻtdi
Oliy Majlis Senatida Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi strategik sheriklikning parlament yoʻnalishini rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan “Oʻzbekiston – Fransiya” birinchi parlamentlararo forumi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, senator Valeri Boye boshchiligidagi Fransiya Respublikasi Senati delegatsiyasi vakillari, shuningdek, ikki mamlakatning tegishli qoʻmita va idoralari vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev forumni ochar ekan, ushbu forumning oʻtkazilishi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochishi va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, oliy darajada erishilgan kelishuvlar faol parlament hamrohligini talab qiladi.
Fransiya Senati aʼzosi Valeri Boye, oʻz navbatida, ikki tomonlama hamkorlikning yuqori darajasini qayd etib, Fransiya Oʻzbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga muhim ahamiyat berishini va forumni parlamentlararo muloqotni kengaytirish uchun samarali maydon sifatida koʻrishini taʼkidladi.
Forum ishtirokchilari “Oʻzbekiston – Fransiya” birinchi parlamentlararo forumi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda fikr almashish va kelishilgan yondashuvlarni ilgari surish uchun muhim platformaga aylanganini taʼkidladilar.
Forum doirasida siyosiy muloqot, iqtisodiy sheriklik va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalariga bagʻishlangan uchta tematik sessiya boʻlib oʻtdi.
Birinchi sessiya davomida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan, parlament diplomatiyasini rivojlantirish va “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ikkinchi sessiya investitsiyaviy va savdo hamkorligini kengaytirish masalalariga bagʻishlandi. Ikki tomonlama tovar ayirboshlash sezilarli darajada oʻsib, 2025-yilda 1,4 mlrd dollarga yetgani, shuningdek, Oʻzbekistonda Fransiyaning yetakchi kompaniyalari faollashgani qayd etildi.
Uchinchi sessiya doirasida ishtirokchilar madaniy-gumanitar hamkorlik istiqbollarini, jumladan, taʼlim dasturlarini rivojlantirish va Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish tashabbusini koʻrib chiqdilar.
Tadbir yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, parlamentlar oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish va hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma tashabbuslarni ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida
- Zakirov Farrux Karimovichni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida
- Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi
- Eronda internet uzilishi 47 kundan beri davom etmoqda
- Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi
- WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring