Senat Kengashi majlisida maxsus iqtisodiy zonalar faoliyati tahlil qilindi
Oliy Majlis Senati Kengashi majlisida maxsus iqtisodiy zonalar (MIZ) faoliyati samaradorligi va ularga xorijiy investitsiyalar jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda MIZ faoliyatini huquqiy jihatdan taʼminlash, xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni jalb etishda soliq va bojxona imtiyozlarini qoʻllash borasida maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2020-yilda qabul qilingan “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonun bilan MIZ tashkil etish va faoliyat koʻrsatish tartib-taomillari takomillashtirildi, maʼmuriy funksiyalarni nomarkazlashtirish, maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalarining vakolatlarini kengaytirish orqali ularning faoliyatini boshqarish mexanizmi soddalashtirildi.
MIZ ishtirokchilariga qator imtiyoz va preferensiyalar berilgan boʻlib, kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab 3 yildan 10 yilgacha soliq va bojxona imtiyozlari davlat tomonidan kafolatlangan.
Joriy yil 1-sentyabriga qadar MIZda 39,1 trln soʻmlik 620 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 56 mingdan ziyod ish oʻrinlari yaratilgan. Xorijiy investitsiyalar hajmi 11 trln soʻmni (1,0 mlrd AQSH dollarini) tashkil qilgan.
Muhokama jarayonida senatorlar MIZda investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi ijobiy ishlar bilan bir qatorda mazkur yoʻnalishda uchrayotgan kamchilik va muammolarga ham eʼtibor qaratdilar.
Jumladan, qonunchilik hujjatlarida bojxona imtiyozlaridan foydalangan holda import qilinadigan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlardan tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilish muddatlari belgilanmagan. Natijada ayrim korxonalar bojxona imtiyozlaridan foydalansa ham, import xomashyosidan ishlab chiqargan mahsulotlarini eksport qilmagan.
MIZ yer maydonlariga investitsiya loyihalarini joylashtirish, shu jumladan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdoga chiqarish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlari tomonidan shartlashilgan investitsiya majburiyatlari oʻz muddatida bajarilmasligi natijasida MIZ hududida ajratilgan yer maydonlaridan foydalanilmaslik holatlari ham mavjud.
MIZ ishtirokchilarining raqobatdosh, eksportbop va import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi, shuningdek, ushbu mahsulotlarning respublikada eksport salohiyatini kengaytirish va valyuta tushumlari miqdorini koʻpaytirish borasidagi ulushi pastligicha qolmoqda.
MIZ infratuzilma bilan taʼminlanganlik darajasini yaxshilash boʻyicha belgilangan tadbirlarning ijrosi toʻliq taʼminlanmagan.
Majlisda senatorlar MIZ faoliyatini yana-da takomillashtirish va ularga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan qator takliflarni bildirdilar. Jumladan, MIZ ishtirokchilariga mintaqaning iqtisodiy rivojlanishi va uning hududiy joylashuvidan kelib chiqib, tabaqalashtirilgan imtiyoz va preferensiyalarni qoʻllash, bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozdan foydalangan holda import qilingan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlardan tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilish muddatini belgilash lozimligi taʼkidlandi. Shuningdek, “yagona darcha” tamoyili asosida barcha turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish, investitsiya loyihalarini monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish, oliy taʼlim muassasalari talabalarining ishlab chiqarish amaliyotini MIZ korxonalarida oʻtashi yuzasidan alohida qoʻshma dasturlar ishlab chiqish maqsadga muvofiq ekani aytib oʻtildi.
Shu bilan birga, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga MIZning rivojlanishi, shu jumladan ulardagi sanoat korxonalari va infratuzilma obyektlarida ish oʻrinlarining tashkil etilishi yuzasidan masʼullarning hisobotlarini har chorakda eshitish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Muhokama yakunida Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring