Sektor rahbaringizni taniysizmi?

10:18 01 Fevral 2019 Jamiyat
4348 0

Illyustrativ foto

Xalq qabulxonalariga fuqarolardan tushayotgan arznomalarning oxiri koʻrinmayotgani, muammolarning kamayish oʻrniga koʻpayib borayotganiga nima sabab boʻlmoqda? Dehqonobod tumanida besh kun davomida 40 ta mahallada uyma-uy yurib, xalqning dardini oʻrganish davomida jami 137 ta muammo aniqlandi. Savolga javob topildi. Eng achinarlisi, koʻpchilik xonadon egalari oʻzi yashayotgan hudud qaysi sektorga qarashliligi, sektor rahbari kimligi, shtabi qayerda joylashganini ham bilmaydi. Shu sabab, aholi arzini koʻtarib viloyatga, hukumat idoralariga bormoqda. Buning sababi esa bitta, sektor rahbarlari uyma-uy yurmagan, odamlar ularni tanimaydi, hatto.

Endi ishlar boshqacha boʻladi. Prezidentimizning 2019 yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, endi sektorlar rahbarlarining faoliyatiga hududlarning rivojlanish ahvolidagi real oʻzgarishlar va boshqa haqqoniy mezonlardan kelib chiqib, xolisona baho beriladi. Bunga albatta, xonadonlarning sektor rahbari haqidagi soʻrov natijalari ham kiradi.

Respublika ishchi guruhining Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida parlament aʼzolari ishtirokida oʻtkazgan xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida mavzuga batafsil toʻxtalib oʻtildi.

140 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan tumanda muammolarning aksariyati sogʻliqni saqlash, uy-joy, bandlik, maktabgacha taʼlim, moddiy yordam, elektr energiya taʼminoti, pasport olish, yoʻllarni taʼmirlash, kadastr, gaz, ichimlik suvi taʼminoti va boshqa kommunal sohalar bilan bogʻliq.

“Oybek” mahallasida aholining yillar davomida hal etilmay kelayotgan muammolari hanuzgacha oʻz yechimini topmagan. Tuman markazidan 180 km. uzoqdagi chekka hududda joylashganligi sabab mazkur mahallani tuman markazi bilan bogʻlovchi yoʻllarda yilning qish va bahor oylarida transport qatnovining cheklanishi mahallaga tez tibbiy yordam mashinasining kela olmasligi, malakali shifokorlarning yoʻqligi sababli tugʻruq jarayonida oʻlim holatlari va aholi oʻrtasida turli xil kasalliklarning soni ortib bormoqda.

Tumanning “Oybek”, “Oqqishloq”, “Terakli” va “Duob” MFY hududiga borish uchun aholi Dehqonobod, Qamashi tumanlari orqali aylanishga majbur boʻlayapti. Sababi, tuman markazidan ushbu mahallalarga borish uchun toʻgʻridan toʻgʻri ichki yoʻllar mavjud emas. Shu bois mahalla fuqarolari tuman markaziga kelish uchun 150 km. masofani bosib oʻtishga majbur. Eng achinarlisi, ushbu mahallalar idoralari 1970-1975 yillar atrofida qurilgan yaroqsiz imoratlarda joylashgan.

Xullas, aytaversak muammo shunchalik koʻpki, qoʻlimizdagi qogʻoz ham, qalam ham yetmaydi. Xoʻsh nega? Xalq deputatlari tuman Kengashida qarorni tasdiqlash uchun oʻtirgan xalq vakillari bularni bilmasmidi? Prezidentimizning deputatlar oldiga qoʻyayotgan birdan bir talabi xalq dardini eshitish, ushbu masalalarni tegishliligicha tuman, viloyat yoki respublika darajasida koʻtarib chiqish va hal etishga koʻmaklashish emasmidi? Holbuki, bu muammolarning aksariyatini joyida hal qilish uchun tumanda 4 ta sektor ishlab turgan boʻlsa!?

Talablar xalq deputatlari Dehqonobod va Gʻuzor tumanlari Kengashlari sessiyalaridagi chuqur muhokamalar jarayonida barcha mutasaddilar oldiga qoʻyildi.

Ahad MUHAMMADIYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер