Sanʼat dunyo ahlini birlashtirdi

13:38 26 Dekabr 2024 Jamiyat
273 0

Yakunlanayotgan yil barcha sohalar kabi madaniyatimiz va sanʼatimiz uchun ham yutuqlarga boy boʻldi. Ayniqsa, qishloq joylarida yangi madaniyat maskanlarini barpo etish, soha xodimlarining ish haqlarini oshirish orqali moddiy ragʻbatlantirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar ijod ahliga joʻshqinlik berdi. Azaldan maʼrifat, madaniyat va sanʼat rivoj topgan Xorazmda bu borada roʻyobga chiqarilgan ezgu ishlar dilimizni xushnud etdi. Joriy yilda vohada anʼanaviy “Lazgi” xalqaro festivali yuqori darajada oʻtkazilib, koʻplab yangi isteʼdodlar kashf etildi. Yangi yil arafasida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Xorazm viloyati boʻlimining yangi binosi foydalanishga topshirilgani sanʼat ahli uchun kutilmagan tuhfa boʻldi. Shahrimiz koʻrkiga koʻrk boʻlib qoʻshilgan ushbu yangi sanʼat koshonasida mashgʻulot zallari, repetitsiya xonalari, umuman, sanʼatkorlarning erkin ijod qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi Xorazm viloyati boʻlimining ijodiy jamoasi xalqimizning daxlsiz nomoddiy merosi, maʼnaviy mulki boʻlgan Xorazm maqomlarini oʻrganish, yozib olish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirdi. 2024-yil oilamiz uchun ham omadli keldi. Men va ukam “Qoraqalpogʻiston xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlandik. Bunday yuksak eʼtibor koʻnglimizni togʻdek koʻtarilib, Yangi Oʻzbekistonni avj pardalarda baralla kuylashga, yurt ravnaqi yoʻlida yangi tashabbuslar bilan fidokorona mehnat qilishga undamoqda.

Xalqimiz Yangi yilni katta maqsadlar bilan kutib olmoqda. Barcha ezgu niyatlarimiz ijobat boʻlib, sogʻlik, baxt va omad yurtdoshlarimizning doimiy hamrohiga aylansin!

Gʻafurjon Eshchanov,

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер