Samarqandning zamonaviy “havo darvozasi”

21:52 19 Mart 2022 Jamiyat
1042 0

Foto: Халқ сўзи

Yurtimiz boʻylab Navroʻz umumxalq bayrami keng nishonlanayotgan shu kunlarda toʻyga toʻyona sifatida Samarqand xalqaro aeroportini foydalanishga topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

“Sharqona yangi yil” deya taʼrif etiladigan Navroʻz bu yil samarqandliklar hayotida ham muhim oʻzgarishlar, unutilmas voqeliklar bilan tashrif buyurmoqda. Xususan, 1967-yildan buyon xizmat koʻrsatib kelayotgan Samarqand xalqaro aeroporti bugungi zamon talablariga javob bermay qolgan edi. Prezidentimiz tashabbusi ila 2019-yilda dunyoning yirik turistik markazlaridan biri hisoblangan Samarqandda yangi loyihadagi aeroport qurilishiga kirishildi.

Rivojlangan davlatlarda aeroportlar shahar markaziga qulay joyda barpo etilishi tajribasidan kelib chiqib Samarqand xalqaro aeroportidan koʻhna kentga kirib borish yoʻli butunlay yangilandi. Yoʻlovchi-sayyohlar aeroportning eshigigacha shaxsiy va jamoat transportida kelish imkoniyati yaratildi.

Yoʻlovchilar tomonidan eng koʻp eʼtirozlarga sabab boʻlgan holat - hujjatlarni rasmiylashtirishda uzundan-uzun navbatlarga, yuklarni nazoratdan oʻtkazishda soatlab kutishlarga barham beriladigan boʻldi. Bu ishlar endilikda soʻnggi rusumdagi raqamli texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi.

Dunyo ahli azaldan Samarqandni ilm-fan, maʼrifat va madaniyat markazi sifatida biladi va uni bir bor koʻrish uchun oshiqadi. Shu nuqtayi nazardan Samarqanddagi aeroport ulugʻ mutafakkir Mirzo Ulugʻbekning «Ziji jadidi Koʻragoniy» kitobi sahifalarining ochilgan holatdagi koʻrinishida ekani ham chuqur ramziy maʼnoga ega.

Bu aeroport, shubhasiz, shaharning “havo darvozasi” hisoblanadi. Qadim va hamisha navqiron shaharga tashrif buyurayotgan mehmonlarning ilk taassurotlari aynan mana shu yerdan boshlanadi. Shu bois ushbu majmuadagi bino va inshootlarning arxitekturasi, dizayni, xizmat koʻrsatish madaniyati, bundagi muhit Samarqandga xos va mos boʻlishiga alohida eʼtibor qaratildi. Nafaqat aeroport, balki unga tutash joylashgan mahalla va guzarlarda, koʻcha va xiyobonlarda ham obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Maʼlumotlarga koʻra, ushbu obyekt Oʻzbekistondagi eng yirik aeroportlaridan biriga aylanadi hamda mazkur “havo darvozasi”da 17 ta yangi muntazam xalqaro yoʻnalishlar yoʻlga qoʻyiladi. Ikkinchidan, Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan aeroport quvvati jihatidan Markaziy Osiyoda ikkinchi raqamda qayd etilmoqda.

Shuningdek, Samarqand xalqaro aeroportini yirik transport xabiga aylantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Bunda mahalliy yoʻnalishlar boʻyicha parvozlar soni haftasiga 7 tadan 20 tagacha, geografiyasi 4 ta yoʻnalishdan 5 taga oshiriladi. Xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha parvozlar soni haftasiga 25 tagacha, geografiyasi 4 ta yoʻnalishdan 8 tagacha koʻpaytiriladi. “Ochiq osmon” rejimini joriy etish hisobiga 8 ta xorijiy aviakompaniyani jalb qilish va 17 ta yangi muntazam xalqaro yoʻnalishlarni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari yangi aeroportda uchish-qoʻnish yoʻlagi barpo etildi, zamonaviy radioaloqa va yoritish tizimi qurildi, 4 ta yangi trap tayyorlandi. Hududda 70 ta samolyot, 700 ta yengil avtomobillar uchun maxsus bekatlar barpo etildi.

Ochilish marosimida soʻz olganlar Sharqiy Osiyo bilan Yevropani havo yoʻllari orqali bogʻlashda geografik jihatdan nihoyatda qulay hududda joylashgan mazkur aeroport kelajakda eng gavjum “havo darvozasi” boʻlib qolishiga umid bildirdi.

Tadbirda Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Ochilboy Ramatov va Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер