Samarqandga yil yakunigacha 80 ta elektrobus keltiriladi

15:38 30 May 2022 Jamiyat
1321 0

Foto: Халқ сўзи

Samarqand viloyatida jamoat transportining xizmat sifatini oshirish, maʼnan eskirgan avtobuslarni yangilariga almashtirish va ishlash mexanizmini tartibga solish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Birinchi navbatda avtobus parkini yangilash, “Yashil shahar” loyihasi doirasida elektrobuslar va zamonaviy avtobuslar harakatini yoʻlga qoʻyish kabi yechimini kutayotgan muhim masalalar boʻyicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

Jumladan, yil yakuniga qadar viloyatda 20 ta yangi avtobus yoʻnalishi tashkil etilib, 64 ta hududda avtobus bekatlari quriladi. Hudud boʻylab 238 ta yangi avtobus va mikroavtobuslar xarid qilinadi. Paxtachi, Kattaqoʻrgʻon, Narpay, Nurobod, Payariq, Oqdaryo, Ishtixon va Qoʻshrabot tumanlarida 18 ta yangi yoʻnalishga ellikka yaqin avtobus qatnovi tashkil etiladi.

— Shuningdek, yil oxirigacha 100 dona 8,5 metrlik avtobus va 80 dona elektrobuslar keltiriladi, — deydi Samarqand viloyat transport boshqarmasi boshligʻi I. Hamroyev. — Kelgusi yilda ham qoʻshimcha yana 100 dona elektrobuslar xarid qilinishi koʻzda tutilgan. Yangidan tashkil qilingan «Samarqandyoʻlovchitrans» davlat korxonasiga yangi zamonaviy avtobuslar olib kelinishi bilan haydovchi va texnik xodimlarni ishga qabul qilish orqali 800 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.

Samarqandda qulay transport tizimini yaratish loyihasining yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, olib kelinishi rejalashtirilgan avtobuslar zamonaviy talablarga toʻliq javob beradi. Shuningdek, naqd pulsiz toʻlov turiga moʻljallangan, isitish-sovitish tizimi mavjud hamda jismoniy imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun zarur qulayliklarga ega.

Umuman, kelgusi besh yilda viloyat aholisiga jamoat transporti xizmat koʻrsatish sohasini yaxshilash, qishloqlarni tuman markazlari bilan bogʻlash maqsadida 47 ta yangi jamoat transporti yoʻnalishlari tashkil etilib, mahalla va qishloqlarda 89 ta bekat quriladi. Shuningdek, 478 ta yangi avtobus va mikroavtobuslar keltiriladi.

Bu bilan hozirda mavjud muammolarga, yaʼni bekatlarda ortiqcha toʻxtash, oraliq vaqtga amal qilmaslik, kimoʻzarga quvib oʻtishlarga barham beriladi. Shu bilan birga avtobuslar qatnovi kechki payt belgilangan vaqtgacha davom etadi. Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida barcha avtobuslarga kuzatuv kameralari oʻrnatiladi hamda GPS tizimi orqali nazorat qilinadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер