Samarqandda zamonaviy mehmonxonalar koʻpaymoqda

22:19 23 Mart 2023 Jamiyat
700 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqandda turistlar oqimini koʻpaytirish va ularga jahon andozalari darajasida xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish ishlari izchil olib borilmoqda. Bunda, ayniqsa, Samarqand viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi tomonidan infratuzilma obyektlarini va xizmat koʻrsatish turlarini kengaytirish, soha xodimlarining kasbiy mahoratini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy yil boshida viloyatda bir vaqtning oʻzida 11 mingga yaqin sayyohni qabul qila oladigan 158 ta mehmonxona mavjud edi. Navroʻz kunlari yana ikkita zamonaviy mehmonxonaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Xonalar soni 68 tadan iborat “KHAN HOTEL SAMARKAND” mehmonxonasi sharqona uslubda qurilgan va jihozlangan. Uning koʻhna kentning tarixiy qismida – Shohi Zinda majmuasi roʻparasida joylashgani xorijlik mehmonlar uchun jozibadorligini yanada oshiradi.

Mazkur mehmonxonaning loyiha qiymati 1,5 million dollarni tashkil etadi. Unda yotoqxonalardan tashqari fitnes zali, sauna, konferensiyalar zali va 52 oʻrinli banket zali mavjud. Yangi mehmonxonaning ishga tushishi bilan ellikka yaqin kishi bandligi taʼminlandi.

Navroʻz umumxalq bayrami kunlari, shuningdek, shaharning Dahbet koʻchasida yangi qurilgan “SAMARIA HOTEL-M” mehmonxonasi ham sayyohlar uchun oʻz eshiklarini ochdi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 22,3 milliard soʻm sarflandi va bugungi kunda 33 kishi bu yerda xizmat koʻrsatmoqda.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер