Samarqandda shu kunlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlarining 54 foizi faoliyat koʻrsatmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Samarqand viloyatida 2022-yilda turli mulkchilik shaklidagi 435 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etilib, qoʻshimcha 47 ming 179 nafar bola maktabgacha taʼlim bilan qamrab olindi. Shuningdek, 8 ming 433 nafar 6 yoshli oʻgʻil-qiz bir yillik bepul majburiy maktabga tayyorlov guruhlariga jalb qilindi. Natijada 6 yoshli bolalarning MTTga qamrovi 91 foizga yetdi. 2021-yili bu raqam 69,7 foizni tashkil etardi.
Shuningdek, 2022-yilda viloyatning olis va chekka hududlarida 20 ta, yaʼni Urgut va Nurobod tumanlarida 6 tadan, Qoʻshrabot tumanida 8 ta zamonaviy davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi, 10 ta MTT moddiy-texnik bazasi yangilangandi.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Yanvar oyining birinchi oʻn kunligida boshlangan anomal sovuq sharoitida viloyatdagi barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati vaqtincha toʻxtatgani tabiiy. Xoʻsh, ayozli kunlar asta-sekin chekina boshlagan bir paytda bu MTTning qanchasi ishga tushirildi?
— Bugun viloyatimizda maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 733 ta boʻlib, ulardan 400 tasi, yaʼni 54 foizi anomal sovuqdan keyin 23-yanvardan ishga tushirildi, — deydi Samarqand viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Baxtiyor Mamirov. — 220 tasi sariq hududdagi bogʻchalar deb topilib, elektr energiyasi, tabiiy gaz bosimi yaxshilanishi bilan ishga tushadi, qolgan 113 tasi qizil hududdagi bogʻchalar boʻlib, isitish tizimidagi muammolar sabab hozircha ularni ochish sanasi maʼlum emas.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring