Samarqandda saylovga tayyorgarlik qizgʻin
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi oʻz vakolati doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishni tashkil etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirib bormoqda.
Bugungi kunda viloyatda tuzilgan saylov uchastkalarida nomzodlarga oid maʼlumotlar, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan namunadagi ovoz berish byulleteni va uni toʻldirish tartibi joylashtirilgan. Shuningdek, saylov sanasiga bagʻishlangan plakatlar, saylov uchastkasining xaritasi, uchastka komissiyasi aʼzolarining tarkibi, ish rejasi, navbatchilik jadvali, fuqarolar murojaati uchun Markaziy saylov komissiyasining ishonch telefoni yoki elektron manzili, okrug komissiyasi, tegishli tuman (shahar) sudi va prokuraturasi telefon raqamlari aks ettirilgan maʼlumotlar ham qoʻyilgan.



— Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Samarqand viloyatida Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi bir mandatli 8 ta saylov okrugi tuzilgan va mazkur okruglar boʻyicha beshta siyosiy partiya tomonidan koʻrsatilgan 40 nafar nomzod roʻyxatga olingan. Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazish uchun esa 60 ta saylov okrugi tuzilib, komissiyalar tarkibi tasdiqlangan. Ushbu okruglar boʻyicha beshta siyosiy partiyadan koʻrsatilgan 300 nafar nomzodlarni roʻyxatga olganmiz, — dedi Samarqand viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Xoʻjaqul Muhammadiyev. — Nomzodlarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qarorlar viloyat, tuman va shahar gazetalarida, internet saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan. Ayni paytda siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini olib bormoqda. Bu jarayon 22-sentyabrdan boshlandi va saylovga bir kun qolgunga qadar davom etadi. 26-oktyabr sukunat kuni hisoblanadi va bu kun tashviqot yuritishga yoʻl qoʻyilmaydi. Saylovoldi tashviqoti Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasi va viloyat hududiy saylov komissiyasining tegishli qarorlari asosida olib borilmoqda.
Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari hamda deputatlikka nomzodlarning tarjimayi holi va saylovoldi dasturlari belgilangan tartibda viloyatdagi 1130 ta saylov uchastkalarining barchasiga yetkazilgan. Dasturlar saylov uchastkalari va hududdagi aholi gavjum joylariga belgilangan tartibda joylashtirilgan.
Saylov kodeksiga koʻra, saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Bu jarayon 16-oktyabrdan boshlandi va dastlabki kunda viloyat boʻyicha 4777 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi.



— Samarqand tumanidagi Oqmachit mahallasida yashayman. 27-oktyabr — saylov kuni safarda boʻlishim, yashash joyimda boʻlolmasligim tufayli 865-saylov uchastkasiga kelib, oʻz fuqarolik huquqimdan foydalandim, — deydi Islom Narziqulov. — Shu paytgacha bizning hududda kimlar deputatlikka nomzodligi, ularning dasturlarida nima maqsadlar borligini bilib oldim. Oʻzim munosib deb bilgan partiya va nomzodlarga muddatidan oldin ovoz berdim.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yuborilgan Qonunchilik palatasi saylovi boʻyicha ikki turdagi, yaʼni bir mandatli saylov okruglari va yagona saylov okrugi boʻyicha hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovi boʻyicha muddatidan oldin ovoz berish uchun saylovchilar umumiy sonining 10 foizi miqdordagi saylov byulletenlari uchastka saylov komissiyalariga yetkazib berilgan.
MDH kuzatuvchilar guruhi aʼzosi, Hamdoʻstlik ijroiya qoʻmitasi ishlar boshqarmasi maslahatchisi Denis Varganov Samarqandda boʻlib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi.
— Oʻzbekistonda bu galgi parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga yaxshi tayyorgarlik koʻrilgan, — deydi Denis Varganov. — Barcha jarayonlar Saylov kodeksi talablariga mos keladi. Saylov uchastkalarida ovoz berishni oʻtkazish uchun saylovchilarga barcha qulayliklar yaratilgan. Shu bilan birga siyosiy partiyalar kuzatuvchilari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun alohida joylar tayyorlangan.


Xalqaro kuzatuvchi Samarqand shahridagi bir qator saylov uchastkalari faoliyatini koʻzdan kechirdi.
Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi matbuot markazi bergan maʼlumotga koʻra, shu paytgacha viloyatdagi ommaviy axborot vositalarining 65 nafar xodimi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring